2024-yil 15-mayning eng muhim voqealari dayjesti
Sambodan 18 medal, 100 milliongacha kreditlar kim uchun, Germaniya bilan hamkorlik, uy-joy uchun subsidiya berish boshlandi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Sambochilarimizdan 18 ta medal
Qozog‘istonda o‘tayotgan sambo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionati O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
Musobaqaning ikkinchi kungi bahslarida sportchilarimiz 6 ta oltin, 5 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Medal sohiblari esa Zebiniso Amrullayeva, Iroda Tohirova, Mohinur Aralova, Nafisa Asomiddinova, Ozodbek Atoyev va Akbarali Sa’dullayev o‘z vazn toifalarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Dilmurod Do‘stmurodov, Maqsadbek Komilov, Davlat Kozimov, Gulasal Obloqulova hamda Asemay Kalillayeva kumush, Matluba Ataniyazova, Bobir Yangiboyev, Xo‘jaqul Ergashev, Barno Janazarova, Ramazon Bozorov, Baxtiyor Nurullayev va Vladislav Buliginlar bronza medali bilan taqdirlanishdi.
O’zini o’zi band qilganlik uchun 100 mln. gacha kreditlar
2024 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga ajratiladi.
Ushbu kreditlardan tomorqani rivojlantirishning bir nechta yo‘nalishlarida, xususan, parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona foydalanishi uchun, yer maydoni 10 sotixdan ortiq bo‘lgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 million so‘mgacha garovsiz hamda 10 sotixli ixcham issiqxonalarni barpo etish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun 100 million so‘mgacha garovsiz ajratiladi.
Ta’limda Germaniya bilan hamkorlik
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sektorlari uchun kasbiy ta’lim” loyihasi yangi rahbari Viktor Vetsel bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar o‘rtasida oliy va professional ta’limni rivojlantirish jarayonini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi.
Loyihaning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda professional ta’lim tizimining salohiyatini mustahkamlash, ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda mintaqadagi iqtisodiy o‘sish tarmoqlari uchun malakali mutaxassis va rahbarlar tayyorlash ekani qayd etildi.
Uy-joy uchun subsidiya arizalari qabul qilish boshlandi
Subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024 yilning 15 mayidan 1 noyabriga qadar qabul qilinadi.
2024 yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 12 foizdan oshgan qismiga, 2025 yil va undan keyingi yillar dasturlari doirasidagi kreditlar bo‘yicha esa – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lanadi.
Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 2024 yilgi dasturdan boshlab qat’iy belgilangan 30 million so‘m miqdorida to‘lanadi.



