2024-yil 9-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti
Yangi Toshkentning yangi kvartali, Qozog‘iston chegarasidagi yangi elektron navbat, Cho‘lponning qo‘lyozmasi, yangi tayinlangan elchilar bilan uchrashuv, mehnat migratsiyasi masalasi muhokamasi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migratsiyasi masalasini muhokama qilindi
O‘zbekiston Bosh konsulligi diplomatlari Sverdlovsk viloyatidagi “Kurate” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Rossiya tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun 50-100 ming rubl maosh bilan 60 ta ish o‘rni yaratishga tayyorligini ma’lum qildi. Tomonlar kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.
Yangi Toshkentning yangi kvartali
Rossiyaning O‘zbekistondagi tijorat vakolatxonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida qurilayotgan Yangi Toshkent tumanida Sankt-Peterburg kvartali barpo etiladi. Toshkentning qurilayotgan Yangi Toshkent tumanida Sankt-Peterburg kvartalini qurish bo‘yicha memorandum imzolangan. Rejaga ko‘ra, kvartalning arxitektura loyihasini sankt-peterburglik mutaxassislar ishlab chiqadi. Tumanning birinchi yashash va infratuzilma obyektlarini qurish ishlari joriy yilning aprel oyida boshlangan bo‘lib, asosiy obyektlarni qurish 2045-yilda yakunlash rejalashtirilgan. Yangi Toshkent tumanining maydoni 20 ming gektarga teng bo‘lib, bu O‘zbekistonning zamonaviy yirik shaharsozlik loyihasining asosiy qismini tashkil etadi.
TIV vaziri yangi tayinlangan elchilar bilan uchrashdi
Baxtiyor Saidov Yangi Zelandiya va Bosniya va Gersegovinaning O‘zbekistondagi elchixonalariga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Baxtiyor Saidov Yangi Zelandiyaning O‘zbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Mark Julian Treynor bilan uchrashib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng qamrovli kun tartibini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda muhim harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilishni kelishib oldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston TIV vaziri Bosniya va Gersegovinaning O‘zbekistondagi birinchi Elchisi Ivan Orlichning ishonch yorliqlarini qabul qilib, ham ko‘p tomonlama, ayniqsa, iqtisodiy sohada samarali hamkorlik qilish uchun ko‘plab imkoniyatlarni ko‘rayotganligi ta’kidlagan.
Qozog‘iston chegarasidagi yangi elektron navbat tizimi joriy etildi
O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tizimni joriy etishdan asosiy maqsad Qozog‘iston hududidan tranzit o‘tayotgan yuk transportlarini kirish va chiqishini tartibga solish hamda ularga qulayliklar yaratishdan iborat. Hozirgi kunda Qozog‘iston Respublikasi bojxona chegarasida avtomatlashtirilgan elektron navbat tizimi “Tajen” – “Dauit-ata” chegara o‘tkazish punktida ishga tushirilgan. Qozog‘iston tomoni CarGoRuqsat tizimi Rossiya chegara o‘tkazish punktlarida ham ishga tushirilishini xabar qildi. O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar haydovchilari ushbu tizimdan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Cho‘lponning yana bir qo‘lyozmasi topildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Shoir va dramaturg Abdulhamid Cho‘lponning bugunga qadar qo‘lyozma nusxasi topilmagan "Zamona xotini" pesasi topilgan. Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi fondidan pesaning arabiy imlodagi qo‘lyozma varianti topilgan. Unda Cho‘lponning xati bilan tuzatishlar, izohlar kiritilgan, so‘zboshi ham yozilgani aytilmoqda. Ma’lumot uchun adib qalamiga mansub "Kecha va kunduz" romanining "Kunduz" qismi ham hali topilmagan.



