$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 4-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

11 4

Misrlik investorlar O‘zbekistondagi loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda

Ozbekiston elchixonasi diplomatlari Misrning "Investia Venture Capital" kompaniyasi asoschisi va rahbari Samir al-Alayli, "Landmark Development" kompaniyasi raisi Ahmad Sabbur bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA. Suhbat davomida, Toshkent viloyatida ko'chmas mulk sohasiga investitsiya kiritish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Toshkent viloyatining turizm salohiyatini yuksaltirishga oid qurilish-bunyodkorlik loyihalarida misrlik investorlarning ishtiroki, ular tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo'lgan loyihalar taqdimotlari va takliflar ko'rib chiqildi. Uchrashuv yakunida, ushbu takliflar yuzasidan fikr almashish va ularni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida yaqin kunlarda Toshkent viloyati hokimligi mas'ullari bilan onlayn muzokaralar o'tkazishga kelishib olindi.

Farg‘onada Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi tashkil etildi

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Farg‘ona viloyati bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda. “Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov jamoani yangi qiyofa kasb etgan bino bilan qutlab, adolatni qaror toptirish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish, jinoyatlar va huquqbuzarliklarni aniqlash masalalarida mazkur markazning xizmati katta ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Prezidentimiz farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 yanvardagi qaroriga asosan viloyatimizda Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi tashkil etilganligi soha rivojida muhim voqea bo‘lganligini, aholi uchun qulaylik yaratilganligini bildirdi”, – deyiladi xabarda. Joriy yilning uchinchi choragida Farg‘ona viloyat bo‘limiga murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan 1 mingdan ortiq ekspertizadan o‘tkazish uchun materiallar kelib tushgan. Turli sohalar bo‘yicha 1 400 dan ortiq savollar ko‘rib chiqilgan, 1 mingdan ortiq holatlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ekspertiza tadbirlari tayinlanib, jarayonda 4 900 tadan ortiq obyektlar o‘rganilgan, 7 780 ta tadqiqotlar o‘tkazilgan. Haqiqiy holatni dalillar bilan aniqlash uchun bugungi kunda Farg‘ona viloyat hududiy bo‘limida barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bu yerni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida zamonaviy uskuna va jihozlar, jumladan, DNK ekspertiza laboratoriyasiga qariyb 600 ming dollar miqdorida jihozlar xarid qilingan.

Yosh bokschilarimiz jahon chempionatida 13 ta medal jamg‘ardi

Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.

Jahon chempionatida terma jamoamiz 5 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritgan holda ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasida bokschilarimiz 5 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medali bilan birinchi bo‘ldi. Musobaqada Sayfiddin Sobirov, Samandar Olimov, Abdulaziz Jo‘raqulov, Akmaljon Isroilov va Halimjon Mamasoliyev o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini yengib, jahon chempioniga aylandi. Jafarbek Shahbozov, Shahzod Polvonov, Jasmin Tohirova, Ruhshona Parpiyeva, Sobiraxon Shahobiddinova terma jamoamizga kumush medal keltirdi. Sobirjon Tastanov, Muhammad Azizbek Ismoilov va Oysha Toirova bronza medali bilan taqdirlandi. Jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. Ma’lumot o‘rnida, 2022-yilda ushbu yosh toifasida Ispaniyada o‘tkazilgan dunyo birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni olgan edi.

Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Unda aytilgan muammo va fikrlar asosida tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshiruvlarni tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.

Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi. Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida 2025-yil 1-martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi. Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Bunda, ro‘yxatda yo‘q masalalar bo‘yicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi. 2025-yil 1-yanvardan boshlab, tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni 3 ta toifaga ajratgan holda o‘tkaziladi. Taqdimotda, shunigdek, tadbirkorlar faoliyatida noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish, nazorat organlarining tekshiruvchi xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha ham fikrlar bildirildi. Davlatimiz rahbari bu choralarni huquqiy jihatdan takomillashtirish, amaliyotda adolatli qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.