$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 13-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

13.11.

Bokuda Butunjahon iqlim sammiti davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida o‘tayotgan BMTning Butunjahon iqlim sammitida (COP29) tashkil etilgan O‘zbekiston Milliy paviloni bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbariga pavilonning g‘oyasi va unda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Pavilyon O‘zbekistonning noyob madaniy merosi hamda ekologiya va iqlim masalalariga barqaror yondashuvlarini namoyish etishga mo‘ljallangan. Uning "Ichki barqarorlik" deb nomlangan me’moriy konsepsiyasi insonning tabiat bilan uyg‘unligini va oilaviy qadriyatlarni ifodalovchi an’anaviy o‘zbek hovlisiga asoslangan. Somon suvoq va yog‘och kabi ekologik, an’anaviy materiallardan foydalanib, azaldan o‘zbek xonadonining ajralmas qismi bo‘lmish ayvon va so‘ridan ilhomlanib bunyod etilgan pavilon uyg‘un makon hosil qiladi. Birgalikda ushbu me’moriy yechimlar qulay mikroiqlimni ta’minlaydi, shinam muhit yaratadi va barqaror kelajak haqidagi g‘amxo‘rlikni aks ettiradi. 

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon yashil energiya eksporti to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP29) nutq so‘zlagan edi. Shuningdek, u yaqinda Yevropaga energiya yetkazib berish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolanganini e’lon qildi.

13-noyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon prezidentlari “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “qayta tiklanuvchi energiya — bu iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka hissa qo‘shish, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat hissimiz natijasidir.”

Loyiha doirasida shamol va quyosh energiyasi eksport qilinadi, bu iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi.

Yil yakuniga qadar O‘zbekiston energetika tarmog‘iga qo‘shimcha 2,6 GVt qayta tiklanadigan generatsiya va 300 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini ulash rejalashtirilgan. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish, shuningdek, umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan energiya saqlash tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish natijasida o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishi, energetika infratuzilmasi rivojlanishi, texnologik va ishbilarmonlik aloqalari kengayishi, aholi turmush darajasi oshishi kutilmoqda.

Masdar O‘zbekistonda yana bir shamol elektr stansiyasi quradi

Energetika vazirligi va Masdar (BAA) o‘rtasida COP29 sammiti davomida Uchquduqda 1000 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Loyiha yiliga 3,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Ozarboyjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP29 anjumani doirasida O‘zbekiston Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600-800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 mlrd. kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqariladi, 1 mlrd. kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi.

Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish orqali atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni yiliga 1,4 mln. tonnaga kamaytirishga erishiladi.

Toshkentda pulli “parkovka”lar tashkil etish uchun auksion o‘tkaziladi

Toshkent shahar hokimligi poytaxt ko‘chalarida pulli to‘xtash joylarini boshqarish huquqi uchun savdolar o‘tkazmoqda. Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bunga quyidagi ko‘chalarning qismlari kiradi:

poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);

Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘ponota, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);

Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);

Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);

Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro ko‘chasi);

Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);

Yashnobod tumanida (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar ko‘chalari).

Ijara muddati 3 yilni tashkil qiladi. Dastlabki ikki yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini o‘rnatish, shuningdek, kommunikatsiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida $5 mln. sarmoya kiritishi kerak.

Avtoturargohdan tushgan tushumning kamida 1/12 qismi Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerak. Bundan tashqari, ijarachi avtoturargohlardan maqsadli va qonuniy foydalanish monitoringini ta’minlashi kerak.

Yillik ijara boshlang‘ich narxi 57,21 mlrd. so‘mni tashkil etadi.