$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 4-oktyabrning eng muhim voqealari

4.10

Tadbirkorlar foydasiga 2 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘

Biznes-ombudsmanga Toshkent viloyatida joylashgan “Mardonavor” (nomi o‘zgartirilgan) korxonasi rahbari qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Aniqlanishicha, Toshkent viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK tomonidan 2022-yildan buyon tuzilgan shartnoma bo‘yicha bajarilgan ish va xizmatlar uchun 2,9 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berilmagan.

Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan holat bo‘yicha hujjatlar o‘rganib chiqilib, Toshkent viloyati tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.

Sud kiritilgan da’vo arizasini ko‘rib chiqib va taraflarning fikr, e’tirozlarini o‘rganib, buyurtmachi Toshkent viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUKdan korxona foydasiga qarzdorlik summasini to‘liq undirib berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha xalqaro festivalda g‘olib bo‘ldi

Toshkentdagi madaniy boyliklarni – mozaikalarni yopib turgan reklama bannerlaridan ozod qilish bilan tanishtiruvchi “Mosaicvertising” loyihasi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Xususan, Gruziyaning Batumi shahrida bo‘lib o‘tgan “AdBlackSea” xalqaro ijod festivalida Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha Gran-prini qo‘lga kiritdi. Tanlovning qisqa ro‘yxatiga jami 119 ta loyiha kiritilgan bo‘lib, bosh sovrin toshkentliklarga nasib etdi. 

Ijodkorlik festivalining mukofoti o‘z nomiga mos ravishda Qora dengiz sohilidan yig‘ilgan plastmassadan tayyorlangan.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, “AdBlackSea” festivali 2015-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va reklama hamda marketing sohasidagi mutaxassislar orasida mashhurdir. G‘oliblar orasida O‘zbekiston, Sloveniya, Bolgariya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya va boshqa mamlakatlarning loyihalari mavjud.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda bo‘lgan “Jolbors-2024” XIII xalqaro reklama festivalida ham Toshkent mozaikalari haqidagi loyiha uchta oltin va uchta bronza mukofotini qo‘lga kiritdi.

QQS to‘lovchilari soni sezilarli o‘sdi

O‘zbekiston QQS ma’muriyatchiligida raqamli yechimlarning joriy etilishi soliq tizimining shaffofligini oshirish, soliqqa oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, biznesda vaqt va resurslar tejalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.  

Elektron hisobvaraq-faktura tizimini joriy etish natijasida soliq solinadigan tovar aylanmasi 2019-yilga nisbatan 6 barobar oshdi. Birgina qog‘ozdan 10 milliard so‘m iqtisod qilindi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tejalgan vaqt 14 ming soatdan ko‘proqni (yoki 1,5 yildan ortiq) tashkil etadi.  

QQS guvohnomasi soliq to‘lovchini 13 ta xavf mezonlari bo‘yicha avtomatik tarzda tekshirilgandan so‘ng 7 kun ichida beriladi. Majburiy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga QQS guvohnomasi soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan avtomatik ravishda beriladi. Bir yil ichida QQS to‘lovchilar soni 188,5 mingdan 197,8 mingtaga ko‘payib, salkam 5 foizga o‘sdi.  

Janubiy Koreya kompaniyalari o‘zbek turizmida

Sayyohlik va turizm iqtisodiy rivojlanish drayveri – harakatlantiruvchi kuchi. Turizm xizmat ko‘rsatishga asoslangan iqtisodiyotni yaratish va rivojlantirishni rag‘batlantiradi.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev Seul shahrida Janubiy Koreya turizm tashkiloti ijrochi direktori Li Xak Chu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida Li Xak Chu mamlakatimizning boy madaniy va sayyohlik salohiyati, shuningdek, turizmning yangi turlari rivojlanayotganini hisobga olgan holda, Janubiy Koreyada O‘zbekistonga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Janubiy Koreya turizm tashkilotlari 2024 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida ishtirok etishi va turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida qo‘shma marketing tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi