2024-yil 3-oktyabrning eng muhim voqealari
Sudyalarning yangi vakolat muddatlari, YUNESKO kafedrasi, chempionat sanalari, shaxmat federatsiyasida tayinlov — kunning eng muhim xabarlari.
3 daqiqa o‘qiladi

Shaxmat federatsiyasida yangi tayinlov
Toshkent shahar sport boshqarmasi mas’ullari, poytaxt sport maktablarining rahbarlari hamda shaxmat bo‘yicha murabbiy-mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda poytaxtda shaxmat maktablarini tashkil etish va rivojlantirish, yoshlarning shaxmatga bo‘lgan qiziqishini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi hamda hozirda Toshkent shahar hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylandi.
Terma jamoamiz ishtirok etadigan xokkey chempionati sanalari ma’lum bo’ldi
2025-yilning 13-19-aprel kunlari Armanistonda bo‘lib o‘tadigan xokkey bo‘yicha dunyo birinchiligining IV divizionida terma jamoamiz ham ishtirok etadi. Unda xokkeychilarimizga Armaniston, Eron, Quvayt, Malayziya va Indoneziya termalari raqib bo‘ladi. Shuningdek, 2025-yilning 28-fevral kunidan 6-mart kuniga qadar Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tadigan III divizion “B” guruhida o‘smirlar terma jamoamiz Bosniya va Gersegovina, Turkmaniston, Tailand, Janubiy Afrika va Lyuksemburg termalari bilan raqobatlashadi.
Ayrim sudyalarning vakolat muddatlari qayta ko’rib chiqildi
Sudyalar oliy kengashining ochiq tanlov shaklidagi yig‘ilishida ayrim sudyalarni muqobillik asosida vakolati muddati davriga qayta tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. Qizg‘in va keskin o‘tgan muhokamalar yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
Sudyalar oliy kengashi qarori bilan:
Xolov Qosim Ismatovich – sudyalik vakolati muddati davriga Buxoro viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tumani sudining raisi lavozimiga;
Ahmedov Shuhrat Saidjabbarovich – sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik, shundan besh yil muddatga Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudining raisi lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek:
Matmusayev Ikrorjon Ibrohimovich – sudyalik vakolati muddati davriga Andijon viloyati ma’muriy sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlandi va shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi lavozimidan ozod qilindi;
Ahmedjanova Shoyraxon Alijonovna – sudyalik vakolati muddati davriga Namangan viloyati ma’muriy sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlandi va shu munosabat bilan Namangan viloyati Namangan tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi lavozimidan ozod qilindi;
Satvaldiyev Ilhomjon Atajanovich – sudyalik vakolati muddati davriga Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tumani sudining raisi lavozimiga qayta tayinlandi va shu munosabat bilan Andijon viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod qilindi. Bundan tashqari ham bir necha o’zgarishlar kiritilgan.
UNESCO kafedrasi
Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ipak yo‘li moddiy madaniy merosini o‘rganish va saqlashning dolzarb masalalari” mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium o‘z ishini boshladi.
Xalqaro anjuman doirasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida YUNESKOning Ipak yo‘li bo‘ylab barqaror meros turizmi kafedrasi ochildi.



