2024-yil 20-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti
Xalqaro kuzatuvchilar hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi, Qo‘qonda o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida 300 million dollarlik shartnoma imzolandi, “Matonat” hujjatli filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi, nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro kuzatuvchilar hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi rahbari Duglas Ueyk Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi. U boshchiligidagi komissiyaga saylovga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, 553 ta saylov uchastkasi tuzilib, komissiyalar tarkibi tasdiqlangani va ayni damda ularning barchasi saylov o‘tkazish uchun tayyor bo‘lib, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari davom etayotgani haqida ma’lumot berildi. Xususan, muloqot davomida barcha saylov uchastkalariga muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazilganligi ham ta’kidlandi.
– Men Xorazm viloyatida bo‘lib, hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan foydali uchrashuv o‘tkazganimdan juda xursandman, – deydi YeXHTning DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas. – Mening maqsadim O‘zbekistondagi saylov jarayonlari va xalqaro normalarni O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan standartlar nuqtai nazaridan o‘rganish va kuzatishdir. Biz bu yerga O‘zbekiston hukumatining taklifi bilan keldik va maqsadimiz xolis baho berishdir. Biz saylov jarayoniga aralashmaymiz, lekin keyin yakuniy hisobotda O‘zbekistonga bo‘lajak saylovlarni yaxshilashga yordam berish uchun ba’zi tavsiyalar beramiz.
Ma’lumot uchun, saylovni xalqaro kuzatuvchilardan 230 ga yaqini kuzatib bormoqda.
Qo‘qonda o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida 300 million dollarlik shartnoma imzolandi
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida “Farg‘ona-vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” mavzusidagi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Quvayt, Turkiya, Vengriya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qatar, BAA kabi o‘ttizdan ortiq davlatlardan 200 ga yaqin kompaniyalar rahbarlari, ishbilarmon doira va sayyohlik tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Forumning asosiy tadbirlari Qo‘qon shahridagi “O‘rda” maydonida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyevlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizmi, nvestitsiya istiqbollari va imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi. Ikki kun davom etgan forum Farg‘ona viloyatini iqtisodiy-investitsiyaviy salohiyatini xalqaro miqyosda tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir doirasida B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi, unda tadbirkorlar ko‘plab yangi, foydali aloqalarni o‘rnatishga, yangi loyihalarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, forum doirasida 300 million dollarlik shartnomalar tuzildi.
Shuningdek, Farg‘onada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hamda viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.
“Matonat” hujjatli filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Imkon” ijtimoiy-huquqiy loyihasi orqali “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga huquqiy va moliyaviy amaliy ko‘mak berish orqali ularning o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga erishish maqsad qilingan. Bunda fuqarolarning o‘zi qiziqqan sohasiga mutaxassislar tomonidan o‘qitilib, malaka va qobiliyatini oshirish, ularning dunyoqarashini o‘zgartirish va kunlik daromadini oshirish orqali farovonlikka erishishi ta’minlanadi. Matonat filmining bosh qahramoni – Surxondaryo viloyati Denov tumanidan Dilorom Yuldasheva ana shunday hikoyalardan birining qahramoni bo‘ldi.
Tomoshabinlar fikricha, film shunchaki hayot xronikasi emas, balki qiyinchiliklarni yengib o‘tish va ruhiy kuchning chuqur, shaxsiy qissasidir.
Filmning to‘lig‘ini loyihaning YouTube kanalida tomosha qilish mumkin.
Nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi”da O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida faol mehnat qilgan, hozir ham jamoatchilik ishlarida namuna bo‘layotgan yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, mazkur jamg‘arma boshqaruvi raisining o‘rinbosari, ustoz jurnalist Sharof Ubaydullayev keksalarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017-yil 14-iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida har yili “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi tomonidan uzoq va samarali mehnat qilgan, el-yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlab kelinmoqda. Tantanali tadbirda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. San’at ustalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.



