$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 16-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

16o

Muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

Bugun,16-oktyabrdan respublika bo‘ylab saylov uchastkalari soat 9:00 dan muddatidan oldin ovoz berish uchun ochildi. Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi. Muddatidan oldin ovoz berish 16-oktyabr kuni boshlanib, 23-oktyabr kuni yakunlanadi.

Oʻzbekistonda ayol-uchuvchilar uchun maktab ochilishi rejalashtirilmoqda

2024 yil 13-14-oktyabr kunlari Xiva shahri Ichan-Qal'a majmuasida “Musaffo osmon” shiori ostida I Xalqaro havo sharlar festivali boʻlib oʻtdi. Festivalda ishtirok etgan germaniyalik uchuvchi ayol Elli Danington Xiva uzra parvoz qilib oʻzining dunyo rekordini yangiladi. Oʻzbekiston Elli Danington parvoz qilgan 118-davlat boʻldi.

Ichan-Qal'a majmuasidan Xiva osmoniga Braziliya, Germaniya, Qozogʻiston va Rossiyadan kelgan aeronavt sportchilar ham koʻtarildi.

Oʻzbekiston hukumati mamlakatda ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilmoqda. Shu munosabat bilan Elli Danington ayol-uchuvchilar uchun maktab ochishni rejalashtirmoqda, bu esa uchishga yoʻl ochadi.

Koreya korporatsiyasi Jizzaxda chiqindini qayta ishlash zavodini quradi

7–11-oktyabr kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining Seul shahrida boʻldi. Xizmat safari davomida bir qancha kompaniyalar bilan chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Shuningdek, chiqindilarni yoqish orqali “yashil” energiya oladigan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Qolaversa, Koreya eksport va import banki vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

Bundan tashqari, I. Qutbiddinov Koreya Atrof-muhit vazirligi huzuridagi Koreya atrof-muhit korporatsiyasi (K-eco) raisi B. An bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ekologik xavfsizlik borasida tajriba almashish boʻyicha kelishuvga erishildi. Yakunda Jizzax viloyatida barqaror chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish boʻyicha umumiy qiymati 6,2 mln dollarga teng boʻlgan 4 yillik grant loyiha bitimi imzolandi.

Toshkent metropoliteni xodimlari uchun ko‘p qavatli uylar qurilmoqda

O‘zbekiston prezidentining 2024-yil may oyida imzolangan 313-sonli қарориga asosan, metropoliten xodimlariga ijtimoiy uylar qurilmoqda. Bu haqda 9-oktyabr kuni Xalqaro press-klubda Toshkent metropoliteni rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, ko‘p qavatli uylar metropolitenga qarashli bo‘lgan Yashnobod tumanidagi “O‘zbekiston” elektrodeposi hududining bo‘sh turgan 70 sotix yer maydonida barpo etilmoqda.

Rejaga ko‘ra, to‘rtta 7 qavatli uy qurilib, unda 1 va 2 xonali jami 416 ta xonadon bo‘ladi. Hozirda tizimda 6 ming 300 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Qurilayotgan uy-joylar asosan, uysiz xodimlarga, ya’ni ko‘p yildan beri ishlab kelayotgan hamda yosh oilalarga beriladi. Boshlang‘ich to‘lovning ma’lum qismi imtiyoz sifatida metropoliten tomonidan qoplanadi. Maʼlum qilinishicha, ko‘p qavatli uylarni qurish jarayoni ayni paytda qizg‘in davom etmoqda. Birinchi ko‘p qavatli uyni 2025-yilning yanvar oyida topshirish rejalashtirilgan.