$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 14-oktyabrning eng muhim voqealari dayjesti

dayjest 14.10.

Toshkentdagi ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berish sinovdan o‘tkaziladi

Markaziy saylov komissiyasi 12-oktyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish jarayonini sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakat tarixida ilk marotaba elektron ovoz berish jarayonini sinovdan o‘tkazish reja qilinmoqda.

Sinab ko‘rilishi rejalashtirilgan elektron ovoz berish qurilmalaridan 37 ta xorijiy davlatlarda (AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Braziliya, Singapur, Avstraliya va boshqalar) foydalanilgan bo‘lib, ular orqali shu kunga qadar 6,5 milliarddan ortiq saylovchilar ovoz bergan.

FIFA prezidenti O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi

FIFA prezidenti Janni Infantino o‘zining rasmiy sahifasida O‘zbekiston mezbonlik qilgan futzal bo‘yicha Jahon chempionatini e’tirof etdi.

“O‘tgan hafta FIFA Futzal Jahon Chempionati—2024 turniri final uchrashuvida ishtirok etdim. Braziliya terma jamoasi hayajonlarga boy tarzda o‘tgan uchrashuvda Argentina ustidan g‘alaba qozondi va rekord natija – 6-bor Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistondagi barcha insonlarga rahmat – turnir bizning sportimiz uchun ajoyib bayram bo‘ldi va futbolning insonlarni birlashtirishdagi muhim rolini yana bir bor ko‘rsatdi”, – deb yozadi u.

Joriy yilgi “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari aniqlandi

“El-yurt umidi” jamg‘armasi Vasiylik kengashining joriy yil 14 oktyabrdagi qaroriga asosan 2024 yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovida munosib qatnashgan va yuqori ball to‘plagan 411 nafar yosh “Jamg‘arma stipendiati” deb e’tirof etildi.

2024 yil 1-ochiq stipendiya tanlovi natijasiga ko‘ra, stipendiatlarning 95 foizi Buyuk Britaniya, AQSH, Italiya, Avstraliya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi rivojlangan davlatlarning nufuzli universitetlarida ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi

Qayd etish lozimki, 60 foizga yaqin yoshlar STEM (ilm-fan, texnologiya, injenerlik, matematika), IT (axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt), muhandislik va ishlab chiqarish, tibbiyot va farmatsevtika, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda ta’lim olishni rejalashtirmoqda. Stipendiatlar ikki hafta muddatda tegishli hujjatlarni Jamg‘armaga to‘liq va belgilangan talablar doirasida topshirishi kerak.

Prezident Toshkent tumanida bo‘lib, hududdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining rivoji, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishmoqda. Davlat rahbari dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurib, Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Prezident xonadonlardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tadbirkorlarning kambag‘al oila vakillarini ishga olishini rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Toshkent tumanida yil yakuni bilan qariyb 53 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga sanoatda o‘sish sur’ati 9 foiz, xizmat ko‘rsatishda 13 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Eksport hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.