$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonlik yana bir futbolchi Yevropa yetakchilaridan birining safiga qo‘shilish arafasida

Norchayev

O‘FA ma’lumotida jarohat olgan va shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, jarohatdan tiklanish jarayonini Toshkentda davom ettirishi sabab jamoa qarorgohini tark etgan hujumchimiz aslida vizani rasmiylashtirishi hamda tez fursatda yangi klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘lgan. 

O‘FA ma’lumoti rostmi?

Kuni kecha O‘zbekiston milliy jamoasining Iordaniyaga qarshi o‘yini oldidan tarkibda navbatdagi yo‘qotish kuzatildi. O‘FA axborotida Husayn Norchayev mashg‘ulotlar payti jarohat olgani va shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, jarohatdan tiklanish jarayonini Toshkentda davom ettirishi qayd etiladi. Shundan so‘ng, futbolchi shoshilinch ravishda O‘zbekiston milliy terma jamoasi qarorgohini tark etib, Toshkentga jo‘nab ketgan. 

Yana Yevropaga

Championat.asia sayti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonlik hujumchi Husayn Norchayev faoliyatini Yevropada davom ettirishi mumkin. Futbolchi vizani rasmiylashtirishi va tez fursatda Portugaliyaga borib “Braga” klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘lgan. Portugaliyada qishki transfer oynasi 3-fevral kuni yopiladi. Shu bois futbolchi tezda Qatardan qaytib ketishga majbur bo‘lgan. Agarda transfer amalga oshsa, Norchayev Portugaliya chempionatida to‘p tepadigan ikkinchi futbolchiga aylanadi. Bunga qadar Sardor Rashidov ham Portugaliya chempionatida ishtirok etuvchi “Nasional” futbol klubi tarkibida to‘p tepgan va bir o‘yinda uch gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

“Braga” futbol klubi haqida

“Braga” klubi 1921-yil tashkil topgan. Uy o‘yinlarini 30 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Braga” stadionida o‘tkazadi. Ayni paytda jamoani Karlos Karvaxal boshqarib bormoqda. “Braga” Portugaliya chempionatida 19 ta o‘yindan 37 ochko to‘plab, musobaqa jadvalida 4-o‘rinda bormoqda. “Braga” oxirgi yillarda yevrokuboklarning doimiy ishtirokchisi hisoblanadi. Klub Yevropa Ligasi pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolgan. Transfer amalga oshirilsa, o‘zbekistonlik forvardning maydondagi raqiblari ispaniyalik Fran Novarro va marokashlik Amin El-Ouzzani bo‘ladi. Jamoada markaziy hujumchilar tanlovi kam. Demak, Husaynga imkoniyat berilish ehtimoli yuqori.

Norchayevning transfer huquqiga egalik qiluvchi va bankrotlik yoqasiga kelib qolgan “Alaniya”

Ma’lumot uchun, futbolchining transfer huquqi 2026-yilning yoziga qadar Rossiyaning “Alaniya” jamoasiga tegishli hisoblanadi. Yil avvalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Vladikavkazning "Alaniya"si og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan. Jamoaning rejasidan barcha yetakchilarni transferga qo‘yish va tarkibni yoshartirish o‘rin olgan. Husayn jamoada o‘z o‘rnini topa olmagach, Farg‘onaning "Neftchi" jamoasiga ijaraga beriladi. Ijara muddati esa tugagan va yuqorida aytganimizdek deyarli ortga qaytish uchun imkon yo‘q. Agarda transfer amalga oshmasa, Norchaev FNLda qolishi va balki boshlang‘ich o‘rin uchun kurashishi uchun maoshini kamaytirishga rozi bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat