Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi pensiyalarning o‘rtacha miqdori qancha?
Eng yuqori pensiya miqdori Qozog‘istonda qayd etilgan — 131 872 tenge, bu 252 AQSh dollariga teng degani.
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, noyabr oyida jamg‘armadan pensiya oluvchi 4 million 76 ming kishiga jami 5 trillion 963 million so‘m to‘langan. Bundan kelib chiqadiki, mamlakatda 4 million 76 ming nafar pensioner mavjud.
O‘zbekiston va Qozog‘iston
O‘zbekistonda joriy yilning sentyabr oyi holatiga ko‘ra o‘rtacha pensiya miqdori 1,4 million so‘mdan sal ko‘proqni (taxminan 108 AQSh dollarini) tashkil etgan. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 131 872 tengeni tashkil etadi, bu 252 AQSh dollariga teng degani.
Tojikiston va Qirg‘iziston
Tojikistonda bir nechta pensiya to‘lovlari mavjud: mehnat, ijtimoiy va sug‘urta. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha pensiya taxminan 583 somoniy yoki 50 dollarni tashkil qiladi. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 9063 so‘m bo‘lib, 104 dollarni tashkil qiladi.
Turkmaniston
Har doimgidek Turkmaniston bo‘yicha ochiq ma’lumotlar yo‘q. Biroq avvalroq qator ommaviy axborot vositalari mamlakatdagi o‘rtacha pensiya miqdori taxminan 500 manat yoki 142 dollarni tashkil etishi haqida xabar bergan.
Yanvar oyidan pensiya miqdori sezilarli darajada oshishi kutilmoqda
Ma'lumot uchun, 26-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida yanvar oyidan boshlab ish haqi, pensiya va nafaqalar o‘z vaqtida to‘lanib, inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirilishi aytilgan edi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida davlatning fuqarolar oldidagi barcha ijtimoiy majburiyatlarini bajarish uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratilgan, shu jumladan ish haqi, pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lash hamda inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish ko‘zda tutilganini ma'lum qilgan.


