$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Pensiya to‘lash tizimida nimalar o‘zgarmoqda?

pensiya

29-oktyabrda “Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” Vazirlar mahkamasining 714-sonli qaroriga binoan pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartibi o‘zgartirildi. Hujjatga ko‘ra:

Ish beruvchilarga xodimni pensiyaga chiqishi bilan bog‘liq bir qancha majburiyatlar yuklandi

Tashkilot ma’muriyati xodim pensiya yoshiga yetgan kundan kechiktirmay uning pensiya olish huquqiga ega bo‘lganini bildirishga majbur. Tashkilot ma’muriyati qonunchilikka muvofiq xodimning pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni (mehnat staji, ish haqi va boshqalar). “YaMMT” IDAKga kiritishi va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishi lozim. Shaxs pensiya tayinlashni so‘rab yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ushbu Nizomga 22-ilovaga muvofiq shakldagi arizani to‘ldirgan holda, shuningdek, Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YaIDXPdan ro‘yxatdan o‘tib ushbu Nizomga 28-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldirgan holda murojaat qilish huquqiga ega.

Jazoni o‘tayotganlar uchun pensiya tayinlashda qo‘shimchalar kiritildi

Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiya tayinlash yoki qayta hisoblash to‘g‘risida bevosita manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ushbu Nizomga 22-ilovaga muvofiq shakldagi arizani to‘ldirgan holda murojaat qilish, shuningdek, pensiya tayinlashni so‘rab davlat xizmatini ko‘rsatish xizmatidan foydalangan holda ushbu Nizomga 28-ilovaga muvofiq shaklda so‘rovnomani to‘ldirgan holda murojaat qilish huquqiga ega

Chet elda ishlagan davrda to‘langan ijtimoiy soliqni hisoblash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Bunda mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan o‘tgan davr uchun ijtimoiy soliq (sug‘urta badali, yagona ijtimoiy to‘lov) quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:

2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun har bir oyga bazaviy hisoblash miqdorida;

2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun bir yilga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yarim baravari miqdorida;

2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorida.

To‘langan ijtimoiy soliq (sug‘urta badali, yagona ijtimoiy to‘lov) mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga pensiya tayinlashda ish staji sifatida va ish haqini hisoblash uchun qabul qilinadi. Chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar yoki ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan mehnat shartnomasiga oid ma’lumotnomalar yoki O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Labor migration” dasturiy majmuasidagi ma’lumotlar, shaxsning pasportidagi, shu jumladan, xorijga chiqish biometrik pasportidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) asosida tasdiqlanadi.

Ijtimoiy soliq to‘lovchilarning pensiyasini hisoblash tartibi aniqlashtirildi

Deylik, fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ixtiyoriy ravishda 2023-yil uchun Pensiya jamg‘armasiga bir million so‘m miqdorda ijtimoiy soliq to‘ladi. Ushbu fuqaroga pensiya hisoblashda uning 2023 yil uchun 8 333 333,33 so‘m miqdorda ish haqi aniqlanadi:

Yillik ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:

to‘langan ijtimoiy soliq (bir million) — ijtimoiy soliq stavkasi (12 foiz 2023-yil uchun ijtimoiy soliq stavkasi) x 100 = 8 333 333,33 so‘m.

Bir oylik ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:

yillik ish haqi miqdori (8 333 333,33 so‘m) = ish haqi hisoblanishi lozim bo‘lgan davr (12 oy) = bir oylik ish haqi miqdori (694 444,44 so‘m).

Aniqlangan bir oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblanayotgan shaxsga bir oylik ish haqi sifatida inobatga olinadi.