$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Attestatsiyalarda qaysi hudud pedagoglari eng yuqori natija ko‘rsatdi?

pedagog malaka

Joriy yilning aprel–may oylarida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkazildi. Bu haqda 24-may kuni AOKAda vazirlik tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Jami 189 929 nafar pedagog ishtirok etgan

Tadbirda aytilishicha, malaka sinov jarayonlari respublika miqyosida 2024-yil 15-apreldan 20-maygacha davom etgan. Sinovlarda jami 189 929 nafar pedagog ishtirok etgan bo‘lib, ular 41 ta fan va yo‘nalishlar bo‘yicha test topshirgan.

Eng bilimli pedagoglar Buxoroda

Malaka (test) sinovlarida o‘rtacha ball natijalari bo‘yicha Buxoro (62,53 ball), Xorazm (60,5 ball) viloyatlari hamda Toshkent shahri (60,15 ball) pedagoglari eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.

7,4 foiz pedagog yetarli ball to‘play olmagan

Attestatsiya natijalariga ko‘ra, pedagog kadrlarning 8 913 nafari (4,7 foiz) oliy toifa, 25 261 nafari (13,3 foiz) birinchi toifa, 46 662 nafari (24,6 foiz) ikkinchi toifa va 11 036 nafari (5,8 foiz) mutaxassis toifasiga ega bo‘ldi. Qolgan 14 032 nafar (7,4 foiz) pedagog mutaxassis lavozimi uchun yetarli ball to‘play olmagan.

26,9 foiz nomzodlarning toifasi oshmoqda

Dastlabki natijalarga ko‘ra, 51 103 nafar (26,9 foiz) nomzodlarning toifasi oshmoqda, 17,8 foiziniki o‘zgarmay saqlanib qoladi, 11 foizining toifasi pasaydi. Qolgan 44,2 foiz talabgor salbiy natija qayd etgan. Biroq bu natija attestatsiya navbatdan tashqari o‘tkazilgani uchun ularning toifasiga taʼsir qilmaydi.

Oylik maosh masalasi

Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqiga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil dekabrda vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan 10 104 ta maktabda 525 737 nafar o‘qituvchi dars berayotgani ochiqlangandi. Toifaga ega o‘qituvchilar soni 282 424 nafarni tashkil etadi. Shundan oliy toifali o‘qituvchilar 53 914 nafar, birinchi toifalilari 101 751 nafar, ikkinchi toifalilari 126 759 nafar. Mutaxassislar soni esa 177 122 nafar.