$
 12968.34
-6.64
 13492.26
-48.43
 132.32
-0.74
weather
+26
Кечаси   +14°

“Payme” to‘lov tizimi monopolist deb topildi

Payme

Raqobat qo‘mitasi “Payme” to‘lov tizimini ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida e’tirof etdi.

Raqamli platformalar me’zoni

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-sonli qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Raqamli platforma operatorining ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda raqamli platforma operatorining ustun mavqega ega deb e’tirof etishning mezonlari belgilangan.

Payme xabarnomasi bunga asos bo‘lgan

Ushbu Qarorga muvofiq, Raqobat qo‘mitasining tegishli buyrug‘i bilan onlayn to‘lov tizimlari bozorida “Payme” AJ ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.

Bunga “Payme” AJ tomonidan onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega erishganligi to‘g‘risida Raqobat qo‘mitasiga taqdim etilgan xabarnomasi asos bo‘lgan.

Ustun mavqe

Ma’lumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat.

Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori bo‘lsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.

Paymi egalari kim?

Ma’lumot uchun, 2019-yilda “TBC Bank Group” “Payme” brendi ostida faoliyat yurituvchi “Inspired” kompaniyasining 51 foiz ulushini sotib olgandi. 2023-yilning mayida Gruziya kompaniyasi Payme’ning qolgan ulushini $55,7 mln.ga sotib oldi.

Payme ilovasi 2016-yil 25-martda ishga tushirilgan. Bugungi kunda Payme’da 4 600 dan ortiq xizmatlar, tizimga ulangan 73 600 ta hamkor xizmatlar mavjud. 2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Payme foydalanuvchilari 9 milliondan oshgan edi.

O‘zbekiston bozoridagi monopolistlar

Oktabr oyi oxirlarida Raqobat qo‘mitasi tomonidan YandexGo, Yandex Eats hamda Express24 ustun mavqega (monopol) ega raqamli platforma operatorlari sifatida e’tirof etilgandi. Dekabrda esa Uzbekistan Airways va Silk Avia kompaniyalarini ustun mavqega ega deb topildi. Ikkita kompaniya mahalliy aviatashuvlar, bundan tashqari, Uzbekistan Airways xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashuvlari bozorining 40 foizdan ortig‘ini egallaydi.

Теги :
Jamiyat