$
 12820.47
5.69
 13470.47
27.77
 122.26
-1.24
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston pasportining dunyodagi o‘rni qay darajada?

Terminal

So‘nggi bir-necha oy ichida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘plab davlatlar bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Har oyda O‘zbekiston bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqan mamlakatlar soni oshib bormoqda. Bu, albatta, O‘zbekiston diplomatiyasining oldinga siljiyotganidan darak beradi. Bu qadamlarning ortidan o‘zbeklarning kelgusida xorij mamlakatlariga bo‘lajak tashriflari yana-da osonlashish ehtimoli yuqorilaydi. Keling, O‘zbekiston TIV olib borayotgan bu ishlar fonida O‘zbekiston hukumati diplomatiyasi o‘laroq o‘zbeklar uchun qanchalik sharoit yaratilayotgani, O‘zbekiston pasportining darajasi bu ishlar natijasi o‘laroq qanday ahvolda ekanligi haqida mushohada yuritamiz. 

Pasportning asosiy vazifasi nima?

Bu mavzu yuzasidan fikr yuritish uchun, avvalo, oddiygina bir so‘z tushunchasini aniqlab olsak. Pasport nima, u qanday vosita? Pasport — bu hukumat tomonidan o‘z fuqarosiga beriladigan rasmiy hujjat bo‘lib, u shaxsning fuqaroligini va shaxsiy ma’lumotlarini tasdiqlaydi. U shaxsga xalqaro safar qilish va chet davlatlarga kirish imkoniyatini beradi. Pasport shaxsning kimligini va uning qaysi davlatga mansubligini aniqlaydi, shuningdek, uning xalqaro huquqiy himoyasini ta’minlaydi. Pasport asosiy vazifasi — shaxsning chet ellardagi huquqlarini himoya qilish va uning kimligini tasdiqlash. Davlatlar fuqarolariga pasport orqali chet davlatlardagi huquqiy muhofazani ta’minlaydilar.

Vizasiz safar qilish imkoniyatlari va o‘zaro vizalar siyosati

Bu eng muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, pasportning qancha davlatlarga vizasiz yoki soddalashtirilgan viza (masalan, elektron viza yoki aeroportda viza olish) orqali kirish imkoniyati borligini ko‘rsatadi. Pasport qancha ko‘p davlatga vizasiz kirish imkonini bersa, u shuncha kuchli hisoblanadi. Shuningdek, ko‘pincha davlatlar o‘zaro manfaatlarga asoslangan vizasiz rejimni joriy qiladilar. Agar bir davlat boshqasiga vizasiz kirish imkoni bersa, ikkinchi davlat ham xuddi shunday tartibni qo‘llashi mumkin. Bu aloqalarning sifatiga bog‘liq.

Iqtisodiy va siyosiy barqarorlik

Davlatning iqtisodiy holati va siyosiy barqarorligi pasportning qadr-qimmatini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Barqaror davlatlar fuqarolariga nisbatan boshqa davlatlar ko‘proq ishonch bildirib, vizasiz yoki yengillashtirilgan tartibda viza berishga moyil bo‘ladi.

Xavfsizlik xavotirlari va migratsiya siyosati

Har bir davlat migratsiya siyosatini va xavfsizlik masalalarini hisobga oladi. Agar davlat fuqarolari bilan bog‘liq xavfsizlik yoki migratsiya muammolari bo‘lsa, boshqa davlatlar vizasiz rejimga cheklovlar qo‘yishlari mumkin. Masalan, iqtisodiy muammolar va migratsiya bo‘yicha xavotirlar bo‘lgan davlatlar pasportiga vizalar cheklangan bo‘lishi mumkin.

Davlatning xalqaro diplomatik aloqalari hamda turizm va biznes uchun jozibadorlik

Davlatning boshqa mamlakatlar bilan olib boradigan diplomatik aloqalari muhimdir. Diplomatik hamkorliklar va kelishuvlar vizasiz rejimni kengaytirishga yordam beradi. Ko‘proq diplomatik shartnomalar va bitimlar imzolangan davlatlar pasportlari ko‘proq vizasiz safar qilish imkoniyatlarini beradi. Turistik va biznes salohiyati yuqori davlatlar boshqa davlatlar bilan yaqinroq vizasiz yoki yengillashtirilgan rejim tuzish imkoniga ega bo‘ladilar. Masalan, ko‘p turistlarni jalb qiladigan davlatlar ko‘proq vizasiz kelishuvlarni amalga oshirishga intiladilar.

Infratuzilma, transport aloqalari va qonunchilik islohotlari

Qaysi davlatga kirish yoki chiqish oson ekanligi ham pasportning qiymatiga ta’sir qiladi. Kuchli aeroportlar, transport aloqalari va migratsiya tizimlarining rivojlanganligi vizasiz kirish imkoniyatlarini yaxshilaydi. Shuningdek, davlatdagi qonunchilik tizimi va ijtimoiy siyosat ham pasportning qadr-qimmatiga ta’sir qiladi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan qonunchilik va inson huquqlarini hurmat qiluvchi davlatlar pasportlari ko‘proq ishonchga ega bo‘ladi.

Shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligi

Yana bir asosiy omillardan biri bu fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligidir. Pasportning xavfsizlik xususiyatlari (biometriya, himoya elementlari va elektron chiplar) ham uning kuchliligini belgilaydi. Kuchli biometrik pasportlar yoki raqamli himoya vositalari bo‘lgan pasportlar ko‘proq ishonchli deb hisoblanadi va shunga mos ravishda vizasiz rejimlar ham keng bo‘lishi mumkin.

Xalqaro maydondagi daraja

Demak, yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakat pasportining darajasini va qudratini belgilab beruvchi asosiy omil — viza. Maqolamizning qolgan qisimida shu jihatga alohida urg‘u bergan holatda davom etamiz. O‘zbekiston VisaGuide Passport Index 2024 pasport reytingida 199 ta davlat orasida 125-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston pasporti Destination Significance Score bo‘yicha 27,62 ball to‘pladi. O‘zbekistonliklar 32 ta davlatga vizasiz, 33 ta davlatga kelganda viza rasmiylashtirish orqali, 27 ta davlatga esa oldindan viza rasmiylashtirish orqali tashrif buyurishlari mumkin.

Markaziy Osiyo

Masalaga Markaziy Osiyo miqyosida yondashadigan bo‘lsak, bu davlatlari pasportlari orasida hozirgi kunda eng qudratlisi Qozog‘iston pasporti hisoblanadi. Tojikiston va Turkmaniston pasportlarining imkoniyatlari esa nisbatan cheklangan bo‘lib, ushbu davlatlarning fuqarolari ko‘plab davlatlarga kirish uchun muammolarga duch kelishadi. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi holat quyidagicha:

Qozog‘iston - 106-o‘rin;

Qirg‘iziston - 134-o‘rin;

Tojikiston - 141-o‘rin;

Turkmaniston - 161-o‘rin.

Dunyodagi eng qudratli pasport qaysi?

Dunyo reytingida Singapur pasporti yetakchilik qilmoqda, uning fuqarolari dunyoning 160 mamlakatiga vizasiz sayohat qilish huquqiga ega. Reytingning so‘nggi o‘rnini Somali egallagan. Singapur pasporti 2024-yil noyabr holatiga ko‘ra 91,27 ballga ega. Undan keyin mos ravishda Ispaniya, Italiya, Fransiya va Vengriya pasportlari 2024-yil uchun eng kuchli pasportlarning beshtalik ro‘yxatini yakunlagan. 

Ma’lumot uchun, VisaGuide Passport Index — bu vizasiz kirish, kelgandagi viza, eVisas va global mobillik kabi omillar asosida 199 mamlakat va hududlarni baholovchi pasport reytingi tizimidir. U har bir pasportga noyob qiymat berish uchun Destination Significance Score (DSS) dan foydalanadi.

Теги :
Jamiyat