$
 12658.19
-100.17
 14672.11
-148.0
 161.44
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Chegaralarni chetlab o‘tolmagan paqildoqlar: huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan pirotexnika vositalari miqdori o‘tgan yilgidan 2 barobarga oshdi

paqildoq

Bojxona organlari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar hamda bojxona nazorati jarayonida jami 92 ta holatda qiymati 1,1 mlrd. so‘mlik, miqdori 4 mln. 315 ming donaga yaqin pirotexnika buyumlari ushlab qolingan. Huqubuzarlardan olib qo‘yilgan pirotexnika vositalarining miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga oshgan. Mazkur holatlarning 7 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 62 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev ma’lum qildi.

Qonunchilikda nima deyilgan?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 1-dekabrdagi 724-son qaroriga binoan xavflilikning II klassiga tegishli maishiy pirotexnika buyumlarining jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yaratilishi, ishlab chiqarilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, tashilishi, realizatsiya qilinishi, sotib olinishi, saqlanishi va foydalanilishi taqiqlanadi.

Shunga qaramay har yili yangi yil bayrami arafasida pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi va salbiy asoratlari ko‘proq ko‘zga tashlanadi.

Javobgarlik kuchaytirildi

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, shuningdek huquqiy ta’sir choralarini ko‘llash chog‘ida mutanosiblikning konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘lik ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 28 avgust kuni qabul qilingan Qonuni bilan amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1851-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ya’ni pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilandi. Bunga qadar jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha edi. 

Shuningdek, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasida aybdor deb topilgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

1,1 mlrd. so‘mlik pirotexnika buyumlari ushlab qolindi

Bojxonachilar tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar hamda bojxona nazorati jarayonida jami 92 ta holatda qiymati 1,1 mlrd. so‘mlik, miqdori 4 mln. 315 ming donaga yaqin pirotexnika buyumlari ushlab qolingan. Noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan barcha pirotxenika vositalari vaqtincha saqlash uchun xududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga topshirilgan.

Shuningdek, keng jamoatchilik ishtirokida pirotexnika vositalarini yo‘q qilish tadbiri tashkil etildi.Tadbirda 4 mln. 65 ming 562 dona petarda va salyutlar suvga bo‘ktirish yo‘li bilan maxsus texnikalar yordamida yaroqsiz holatga keltirilib, ko‘mib yuborilgan holda yo‘q qilindi.

Pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga duch kelinsa, nima qilish kerak?

Agar siz pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga doir holatlarga duch kelsangiz, Bojxona qo‘mitasining kechayu kunduz faoliyat yuritayotgan 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali xabar berishingiz mumkin. Bunda murojaatlar anonimligi kafolatlanadi.

Теги :
Jamiyat