$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga qo‘shiladi

Orxus konvensiyasi

Bugun, 22-fevral kuni Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida "Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida"gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi

Senat axborot xizmati ma’lumotida qayd etilishicha, senatorlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhit sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib ta’minlashga, xorijiy hamkor davlatlar bilan hamjihatlikda ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga, shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Orxus konvensiyasi haqida

Orxus konvensiyasi BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining “Axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki va atrof-muhit masalalarida adolatli suddan foydalanish to‘g‘risida”gi konvensiyasidir. Konvensiya 1998-yil 25-iyunda Daniyaning Orxus shahrida Yevropa atrof-muhit vazirlarining 4-konferensiyasida 38 davlat tomonidan imzolangan. 2014-yil mart holatiga ko‘ra, konvensiya 46 ta davlat va Yevropa Ittifoqi davlatlari qamrab olgan. Barcha ratifikatsiya qiluvchi davlatlar asosan Yevropa va Markaziy Osiyoda joylashgan.

Konvensiya imkoniyatlari va maqsadi

Orxus konvensiyasi mahalliy, milliy va transchegaraviy muhitga taalluqli masalalar bo‘yicha hukumat qarorlarini qabul qilish jarayonlarida axborotdan foydalanish, jamoatchilik ishtirok huquqini beradi. U jamoatchilik va davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.

Konvensiya huquqlari

Mazkur Konvensiyasi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Fuqarolarning davlat organlaridan tegishli ekologik axborotni olish huquqini ta’minlash
  • Fuqarolarning atrof-muhitga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan rejalar, dasturlar va qonun hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etish huquqini ta’minlash
  • Fuqarolarning axborotdan foydalanish yoki jamoatchilik ishtiroki bilan bog‘liq huquqlari buzilgan taqdirda, ko‘rib chiqish tartib-qoidalaridan foydalanish huquqini ta’minlash.

Ma’lumot uchun, shu kunga qadar konvensiyaga Markaziy Osiyoda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston a’zo bo‘lgan edi. Orxus konvensiyasining a’zolar bilan 2023-yil iyun oyida O‘zbekistonning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi masalasi muhokama qilingan edi. Endilikda O‘zbekiston ham konvensiyaning rasmiy a’zosi va yuqoridagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi hamda mamlakatda mavjud ekologik muammolarni hal etishda jamoatchilik fikri inobatga olinadi.

Теги :
Jamiyat