Sodda xalqni sarson qilganlar qamaldi
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, Ashxoboddagi vaziyat ortidan bogʻ direktori, uning oʻrinbosari va reklama boʻlimi boshligʻiga 15 sutka qamoq jazosi berildi.
3 daqiqa o‘qiladi

IIBB ommaviy tadbirni oʻtkazishga ruxsat olish uchun bir oy oldin murojaat qilish lozimligini, ruxsat berilmagan ommaviy tadbirni oʻtkazish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishini bildirdi.
Bogʻ rahbariyati ogohlantirilgan
Maʼlum qilinishicha, 1-iyun kuni soat 12:00 da Toshkent shahridagi “Ashxobod” koʻngilochar bogʻida tekinga 20 mingta oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bogʻ maʼmuriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan. Biroq bir vaqtning oʻzida oʻyinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 ming nafar fuqaroni bogʻ hududida jamlashning imkoni boʻlmasligi, yoʻl harakati va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni oʻtkazmaslik haqida bogʻ rahbariyati ogohlantirilgan.
Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish talablariga rioya qilinmagan
Lekin bogʻ maʼmuriyati ommaviy tadbirlarni oʻtkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga oʻyinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bogʻ hududida va uning atrofida aholini ommaviy ravishda toʻplanishiga sababchi boʻlgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tugʻdirgan.
Tirbandlik bartaraf etilgan
Eʼlon qilingan reklama ortidan bogʻ hududiga kirish/chiqish va ayrim ichki yoʻnalishlarida tiqilinch vaziyat hamda bogʻga olib keluvchi va yaqin avtomobil yoʻnalishlarida tirbandliklar yuzaga keldi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning saʼy-harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.
Bogʻ direktori, direktor oʻrinbosari va reklama boʻlimi boshligʻi
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bogʻ direktori — 1981-yilda tugʻilgan A.N., direktor oʻrinbosari — 1987-yilda tugʻilgan A.Z. va reklama boʻlimi boshligʻi — 1994-yilda tugʻilgan D.T.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 185-3, 200-1 va 201-moddalariga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Huquqbuzarlarning har biriga 15 sutka qamoq jazosi
Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
IIBB ommaviy tadbirni oʻtkazishga ruxsat olish uchun bir oy oldin murojaat qilish lozimligini, ruxsat berilmagan ommaviy tadbirni oʻtkazish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishini bildirdi.
"Odamlarni o’zi aybdor"
Troll.uz nashri izohlarda “Odamlarni o’zi aybdor” deyishayotnini taʼkidladi.
"Bunday holatlarda tashkilotchilar aybdor bo’ladi. Oldindan ko’rib bilish kerak. Salgina rejalashtirish kerak. 20000 ta o’yinchoq tarqatishni reklama qilgan tashkilot 2-3 barobar ko’proq odam kelishini tahmin qila olishi kerak. “Bog’ga o’zi 30-40 ming nafar odam sig’adimi? Odam ko’payib ketsa uddalay olamizmi?” degan savollarni bergan bo’lishi kerak kimdir. Odamlarda ham ayb yo’q emas, lekin reklamada aytilgan xabarni ko’rib borishgan ular. Asosiy ayb baribir tashkilotchilarda", - deyiladi xabarda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o’rinbosari ham xalqni aybladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o’rinbosari, “Milliy tiklanish" DP MK raisi Alisher Qodirov ham Ashxoboddagi holat yuzasidan munosabat bildirdi:
"Tekin desa sha’nidan, gʻururidan, ovozidan va vatanidan kechadiganlar...
Insonning sha’ni, xulqi va sabriga tayangan e’tiqodni yemirish domino effektida mas’uliyat, sha’n, gʻurur, oriyat kabi tushunchalarni ham yemirib yuborishini kommunist sovet mafkurachilari ham taxmin qilmagan boʻlsa kerak…
Yangi avlod tarbiyasida olimlar va davlat ishtiroki keskin kuchaytirilmasa, yaqin kelajakda sha’nini manfaatiga ayirboshlaydigan vatansiz muhtojlar jamiyatiga aylanib qolamiz", - deydi u.
Avvalroq, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Ashxobod sayilgohi katta “pushka”dan 20 000 oʻyinchoqni osmonga uloqtirishini aytganini, buning natijasida esa park tekin oʻyinchoq ilinjida kelgan minglab odamlar bilan toʻlib ketganini xabar qilgan edik.



