$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Vazirlik qoshida Fan olimpiadalari markazi tashkil etiladi

Olimpiada

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etiladi.

Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

– iqtidorli hamda fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan o‘quvchilarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iste’dodni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

– xalqaro va respublika miqyosida maktab fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan olimpiada, musobaqa va tanlovlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish;

– olimpiadalar o‘tkazish bo‘yicha xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish.

2025-yil 1-oktyabrga qadar:

– Markazda fanlar bo‘yicha amaliy topshiriqlarni o‘tkazish uchun zamonaviy asbob-uskunalar va xomashyo materiallari bilan to‘liq jihozlangan laboratoriya tashkil qilinadi.

2025-yildan boshlab:

– 5–8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilar bazasi shakllantiriladi va ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

– asosiy fan olimpiadalarining hududiy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan iqtidorli yoshlar uchun “Intellektual oromgohlar” tashkil etiladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

– nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarini jamoaning natijasiga qarab rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi;

– terma jamoalar rahbari nufuzli xalqaro olimpiadalarda erishilgan har bir oltin, kumush, bronza medallari uchun tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 35, 25, 15 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

– asosiy olimpiadalarning hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi;

– xalqaro olimpiadalarda qatnashish uchun jalb etiladigan nomzodlar o‘quv yig‘inlari davrida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul oziq-ovqat va yotoqxona bilan ta’minlanadi.

2025-yil 1-mayga qadar:

– asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblariga medal berish tizimi joriy etiladi.

Yangi xalqaro olimpiadalar

Shuningdek, qarorga muvofiq:

– millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik hissini shakllantirish, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishida — Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasi;

– matematika va informatika yo‘nalishida — Al Xorazmiy nomidagi yoshlar turkiy olimpiadasi;

– kimyo yo‘nalishida — Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi;

– fizika yo‘nalishida — Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Xalqaro fizika olimpiadasi;

– biologiya yo‘nalishida — Abu Ali Ibn Sino nomidagi Xalqaro biologiya olimpiadasi o‘tkazib borilishi belgilandi.