$
 12179.87
8.26
 14079.93
-37.92
 148.52
-1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi hammasi testga bog‘liq

Transgenderlar sportda

Endi Olimpiya o‘yinlarida ayollar musobaqasida kimlar qatnasha olishi bo‘yicha aniq va yangi qoidalar joriy qilinmoqda. Bu qaror sport olamida katta bahslarni keltirib chiqardi. Kimdir bu qarorni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, yana kimdir esa bunga qarshi. Quyidagi maqolada nima sababdan bunday qarorga kelingani va transgender sportchilar qanday aniqlanishi haqida ma’lumotlarni jamladik.

Hammasi gen orqali aniqlanadi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ayollar musobaqasida faqat biologik ayollar qatnashishi bo‘yicha yangi qaror chiqardi. Buni aniqlash uchun SRY geni bo‘yicha maxsus bir martalik test joriy etiladi va u qon yoki so‘lak orqali tekshiriladi. Agar testda bu gen aniqlanmasa, sportchi ayollar toifasida umrbod qatnasha oladi, aksincha aniqlansa, u ayollar musobaqasiga qo‘yilmaydi. Shunga qaramay, ayrim holatlarda istisnolar ham mavjud, masalan androgenlarga sezuvchanlik sindromi bo‘lgan sportchilar uchun alohida qarorlar bo‘lishi mumkin. Testdan o‘ta olmagan sportchilar esa erkaklar, aralash yoki boshqa toifalarda qatnashadi, lekin aralash toifada ham ular erkak sifatida chiqadi. Ushbu yangi qoidalar 2028-yil Los-Anjeles Olimpiadasidan boshlab kuchga kiradi va faqat professional sportga tegishli bo‘lib, oddiy ommaviy yoki ko‘ngilochar tadbirlarga taalluqli emas.

Nega bunday qaror qilindi?

XOQ bu qarorni ayollar sportida adolat, xavfsizlik va halollikni saqlash uchun qabul qilganini ta’kidlamoqda. Ularning ichki ishchi guruhi ilmiy tadqiqotlarni o‘rganib chiqib, erkak organizmi kuch, quvvat va chidamlilik talab qilinadigan sport turlarida ustunlik berishini aytgan va shu asosda yakdil xulosaga kelgan. Qaror chiqarishdan oldin sportchilar bilan ham suhbatlar o‘tkazilgan va ularning fikrlari ham inobatga olingan. Endilikda bu qoidalarni alohida sport federatsiyalari va milliy olimpiya qo‘mitalari ham qabul qilishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, AQShda ham 2025-yil fevral oyidan boshlab transgender sportchilarning ayollar musobaqalarida qatnashishi taqiqlangan bo‘lib, bu qaror Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan farmonlardan biri edi.

Bahslar va real holat qanday?

Aslida Olimpiada darajasida transgender sportchilar soni juda kam va hatto ularning aniq soni ham noma’lum. Masalan, Parij-2024 Olimpiadasida erkak deb belgilangan birorta transgender sportchi qatnashmagan, 2021-yil Tokio Olimpiadasida esa Yangi Zelandiyalik og‘ir atletikachi Lorel Xabbard ishtirok etgan, lekin u medal qo‘lga kirita olmagan. Shunga qaramay, bu mavzu bir necha yillardan beri qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda. Ba’zi mutaxassislar genetik testni eng adolatli yechim deb hisoblaydi va uni testosteron testidan ko‘ra aniqroq deb biladi, boshqalar esa bu usulga qarshi chiqib, u noto‘g‘ri natijalar berishi, inson huquqlariga zid bo‘lishi va sportchilarga ruhiy bosim o‘tkazishi mumkinligini aytmoqda. Hatto British Journal of Sports Medicine jurnalida chop etilgan maqolada bu kabi tekshiruvlar ortga qaytish va zararli usul deb baholangan. Qizig‘i, XOQ bunday SRY gen testini 1980-yillarda ham qo‘llagan, ammo noto‘g‘ri ijobiy natijalar ko‘p bo‘lgani sabab 1990-yillarda undan voz kechgan edi.