O‘tgan yili har daqiqada bir kishi OITSdan vafot etgan
Global OITS pandemiyasiga qarshi kurashishda muayyan muvaffaqiyatlarga erishilgan bo‘lsa-da, ijobiy tomonga o‘zgarish sekinlashmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

2023-yilda dunyoda qariyb 40 million kishi OITS (SPID)ga olib keluvchi OIV (VICh) virusi bilan yashagan. Shundan 9 milliondan ziyod bemor hech qanday davolanish olmagan, oqibatda har daqiqada bir inson OITS bilan bog‘liq sabablardan vafot etgan. The Independent BMTning yangi hisobotiga asoslanib shu haqda xabar berdi.
Ijobiy tomonga o‘zgarish sekinlashmoqda
Global OITS pandemiyasiga qarshi kurashishda muayyan muvaffaqiyatlarga erishilgan bo‘lsa-da, ijobiy tomonga o‘zgarish sekinlashmoqda: moliyalashtirish qisqarmoqda, kasallikni yuqtirish holatlari soni Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hamda Lotin Amerikasida o‘sib bormoqda.
O‘tgan yili 630 ming kishi OITS bilan bog‘liq kasalliklar oqibatida vafot etgan
Ta’kidlanishicha, 2023-yilda OITS bilan bog‘liq kasalliklar oqibatida taxminan 630 ming kishi vafot etgan. Solishtirish uchun: 2004-yilda OITS 2,1 mln. kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi — farq katta. Ammo 2025-yildagi maqsadli ko‘rsatkich o‘limlar sonini 250 mingtadan kamaytirish ekani nazarda tutilsa, 630 ming o‘lim — xavotirli ko‘rsatkich.
Jahon yetakchilari OITS pandemiyasiga 2030-yilgacha nuqta qo‘yishga va’da berishgan
“Jahon yetakchilari OITS pandemiyasiga 2030-yilgacha nuqta qo‘yishga va’da berishgandi, ular buni uddalashlari mumkin, faqat buning uchun OIVga qarshi resurslar bilan yetarlicha ta’minlashlari va har bir insonning huquqlarini himoyalashlari zarur”, — dedi UNAIDS (BMTning OIV/OITSga qarshi Birlashgan dasturi) ijrochi direktori Vinni Byanima.



