Butunjahon tamakiga qarshi kurash kuni
31-may butun jahon bo‘ylab tamaki chekishni kamaytirish kuni sifatida belgilanib, chekishni kamaytirish, ayniqsa yoshlarning chekishini oldini olish bo‘yicha ishlar qilinadi.
2 daqiqa o‘qiladi

31-may butun jahon bo‘ylab tamaki chekishni kamaytirish kuni sifatida belgilanib, chekishni kamaytirish, ayniqsa yoshlarning chekishini oldini olish bo‘yicha ishlar qilinadi.
37 million nafar yosh chekuvchi
Juda ko‘p mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham tamaki mahsulotlarini sotib olish yoshi – 21 yosh hisoblanadi. Shunga qaramay, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 37 milliondan ortiq 13-15 yoshlilar har xil ko‘rinishlarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qiladi. Ushbu ko‘rsatkich Yevropada 4 millionni tashkil qilib, 13-15 yoshli o‘g‘il bolalarning 11,5 va qizlarning 10,1 foizi tamaki chekadi.
Har yili 8 million qurbon
Tamaki tarkibidagi nikotin qaramlikni keltirib chiqaradi hamda uning iste’moli yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari, saratonning 20 dan ortiq turlari va boshqa ko‘plab nogironlikka olib keluvchi xastaliklarning rivojlanishi uchun asosiy xavf omilidir. Har yili 8 milliondan ortiq odam tamaki iste’moli oqibatlaridan vafot etadi.
65 ming bola tutundan zaharlanib vafot etadi
Butun dunyo bolalarining qariyb yarmi tamaki tutunidan zararlangan havodan nafas oladi, ularning 65 ming nafari aynan shuning oqibatida olamdan o‘tadi. Homiladorlik paytida chekish minglab bolalarning umr bo‘yi davom etadigan ko‘plab jiddiy kasalliklarga chalinishiga olib keladi.
Yoshlar elektron sigaretni “tanlaydi”
JSST xabar berishicha, 2022-yildan beri dunyoda, asosan Yevropa mintaqasida yoshlar orasida elektron sigaretlar keng tarqalmoqda, ushbu turdagi tamakini yoshlarning 12,5 va kattalarning atigi 2 foiz chekishi ham buni ko‘rsatib turibdi. Bu nafaqat yoshlar, balki bolalar o‘rtasida ham yuqori, dunyoda yosh bolalar kattalardan ko‘ra ikki barobar ko‘proq elektron tamaki chekishadi.
“Yoshlarni tamakidan himoya qilish chorasi ko‘rilmoqda”
“O‘zbekistonda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yoshlarni tamaki mahsulotlaridan himoya qilish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda. Xususan, 2023-yil 24-mayda O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olindi. Joriy yilning 18-mayida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Tamaki mahsulotlari to‘g‘risidagi texnik reglamenti tasdiqlandi. Hozirda vakolatli organlar tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi choralar ko‘rilib, ularning zarari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda”, - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov.



