$
 12800.13
-7.9
 13467.02
-145.35
 129.02
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Kosmosdan kuzatamiz: Qanday qilib tungi chiroqlar hududdagi yashirin iqtisodiyotni fosh etishda yordam beradi?

nighttime light Tungi Toshkent

Tungi chiroqlar —bu nafaqat shaharlarning husniga husn qo‘shuvchi, balki o‘sha hududdagi yashirin iqtisodiyotni fosh qiluvchi noyob vosita. MHTI tadqiqotchilarining ma’lumot berishicha, butun dunyoda kosmosdan tushirilgan tasvirlar tungi yoritilganlik darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar biror bir mamlakatda va/yoki uning hududlarida yashirin iqtisodiyot ko‘lamini baholash bo‘yicha tadqiqotlarda muhim vositaga aylanib bormoqda. Xuddi shunday O‘zbekistonda ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Link Data kompaniyasi jamoasi 2012-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida “Nighttime Light Data”ga oid ma’lumotlarni tahlil qildi.

Qanday qilib tungi chiroqlar yashirin iqtisodiyotni oshkor qiladi?

Yashirin iqtisodiyot (norasmiy yoki soya iqtisodiyoti deb ham ataladi) hukumat tomonidan rasmiy qayd etilmagan yoki tartibga solinmagan barcha iqtisodiy faoliyatni o‘z ichiga oladi. Ushbu sektorga oid iqtisodiy faoliyat hajmi va o‘sishini o‘lchash har doim murakkab vazifalardan bo‘lib kelgan, biroq tungi yorug‘lik ma’lumotlari ushbu masalani hal qilish uchun innovatsion va samarali yo‘lni taklif qiladi, deyiladi tadqiqotda.

Yorqinroq chiroqlar, odatda, yuqori iqtisodiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish darajasini ko‘rsatadi, bunda norasmiy va rasmiy faoliyat ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, tadqiqotchilar yorug‘likning yorqinligi va hududlar bo‘yicha taqsimotini tahlil qilish orqali an’anaviy ma’lumotlar kam yoki ishonchsiz bo‘lgan joylardagi iqtisodiy faoliyat darajasini aniqlashlari mumkin.

Hududlarning tungi yoritilganlik darajasi va yashirin iqtisodiyot tendensiyalari 

Toshkent shahri —Hududlar bo‘yicha 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi eng yuqori bo‘lgan hudud Toshkent shahri bo‘lib, poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 2017-yildagi 97,8 dan 137,7 ga (40,8%) oshgan. Mazkur davrda Toshkent shahrida iqtisodiy faollik 8 martaga ko‘paygan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyot hajmining yalpi hududiy mahsulotga (YaHM) nisbatan ulushi 9,5% dan 11,7% ga oshgan. Ya’ni, iqtisodiy faollik ortgani bilan yashirin iqtisodiyot ham kattalashgan.

Samarqand viloyati —Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasi jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan Samarqand viloyatida 2023 yilda 1 km2 uchun tungi yoritilganlik darajasi (7,6) 2017 yilga (4,2) nisbatan 80% ga oshgan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyotning YaHMga nisbati 6,3% dan 10,3% ga yetgan.

Farg‘ona vodiysi —Vodiyda tungi chiroqlar bilan yoritilganlik darajasi yaxshilanishi bilan birga, yashirin iqtisodiyot ko‘lami ham kengayib borgan. Xususan, Namangan viloyatida 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik ko‘rsatkichi 2017-yildagi 5,7 dan 2023-yilda 8,1 ga (o‘sish – 40%) yetgan. O‘z navbatida, ushbu viloyatda yashirin iqtisodiyotning YaHMga nisbati 2023 yilda 14,2% ni tashkil etib, 2017-yilga (9,7%) nisbatan 4,5 foiz bandga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich Respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, mazkur davr Farg‘ona viloyatida 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi 70%ga (7 dan 11,9 ga) yaxshilangan bo‘lsa, baholangan yashirin iqtisodiyot hajmining YaHMga nisbati 10,4% dan 12,2% ga yetgan.

Respublika bo‘yicha aholi zichligi bo‘yicha 1-o‘rinda turuvchi Andijon viloyatida 2017—2023-yillar oralig‘ida tungi yoritilganlik darajasi 42% ga (10,9 dan 15,5 ga) oshgan bo‘lsa-da, soya iqtisodiyotining YaHMga nisbatan ulushi deyarli o‘zgarmasdan 8% atrofida saqlanib qolgan.

Navoiy viloyati —Yashirin iqtisodiyot ko‘lami bo‘yicha eng past ko‘rsatkich (3%) Navoiy viloyatida kuzatilib, viloyatning katta qismi Qizilqum cho‘li hissasiga to‘g‘ri kelishiga qaramasdan 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi 55% ga (1,9 dan 3 ga) yaxshilangan.

Qashqadaryo viloyati — 2017—2023-yillarda Qashqadaryo viloyatida tungi yoritilganlik darajasi 1 km2 maydon uchun 6% ga (6,3 dan 6 ga) kamaygan bo‘lsa, YaHM hajmiga nisbatan yashirin iqtisodiyot ko‘lami 11% dan 12% ga oshgan.

Yashirin iqtisodiyotni aniqlashda tungi chiroqlar qanchalik samarali?

Umuman olganda, o‘zgarmas effekt (fixed effect) modeli asosida amalga oshirilgan ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, tungi yoritilish darajasi yashirin iqtisodiyotning qariyb 39,4%ini o‘zida aks ettiradi.

Shu bilan birga, tungi yoritilgan darajasi yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarini ham yaqqol o‘zida aks ettirmoqda. Quyidagi rasmda O‘zbekiston bo‘yicha yoritilganlik darajasi (logarifmik o‘lchovlarda) va yalpi ichki mahsulot (YaIM, Jahon Banki ma’lumotlari, logarifmik o‘lchovlarda) ko‘rsatilgan bo‘lib, 2012-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda ushbu ikki ko‘rsatkich dinamikasini ko‘rsatadi. Dastlabki yillarda (2012—2016) yoritilganlik darajasi va YaIM o‘rtasida katta farq kuzatilgan (bu rasmiy statistika yuritishdagi kamchiliklarga bog‘liq bo‘lishi mumkin), ammo 2018-yildan keyingi davrda mazkur ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi uyg‘unlik kuchaygan.

Tadqiqotning ahamiyati

Ushbu tadqiqot norasmiy iqtisodiyotning hajmi va taqsimoti haqida tushuncha berib, iqtisodiyotni rasmiylashtirish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish, urbanizatsiya, iqtisodiy faollik, iqtisodiy tengsizlikni baholash va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha chuqur tahlillar qilish imkonini beradi.