Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 94 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 31-may voqealari

“Zakladchik”ni kaltaklaganlar, Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida xushidan ketdi yo‘lovchi ayol, AQShga “qo‘li yetganlar” — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 31-may voqealari

 “Zakladchik”ni kaltaklaganlarga hukm o‘qildi

2023-yilning fevral oyida narkotik modda egasini aldab, narkotikni o‘zlashtirib oluvchi “zakladchik”lar 17 nafar shaxslar tomonidan kaltaklangan edi.

Bugun, 30-may kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida JKning 28,273-moddasi 4-qismi “b” bandi, 277-moddasi 2-qismi “a,b,v,d” bandlari, 137-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlari va 130-1-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan 14 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Unga ko‘ra sudlanuvchi A.B. 6 yilga, sudlanuvchilar N.I. va M.A. 5 yil-u 6 oyga, sudlanuvchi M.F. 5 yilga, sudlanuvchilar T.Sh., F.S., A.S. va Z.X. 4 yil-u 6 oyga, sudlanuvchilar J.Sh., M.J., M.S., T.N., K.A. va B.Sh.larga nisbatan 3 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida yo‘lovchi ayol xushidan ketdi

“Toshkent” xalqaro aeroportining uchib kelish zalida bagaj aravachalari va katta hajmdagi yuklar bilan odamlar to‘planib turgan vaqtda ayol yo‘lovchilardan biri hushidan ketgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Uzbekistan Airports Matbuot xizmati izoh berdi.

Tegishli xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan fuqarolarga bir necha bor qonun hujjatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilganiga qaramay, ko‘p miqdorda yuki bo‘lgan bir necha yo‘lovchilar tijorat maqsadida olib kelingan tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazish va rasmiylashtirishdan bosh tortgan.

Uchib kelish zalida hushidan ketgan ayolga aeroport tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ayolning hushdan ketishiga uning sog‘lig‘idagi muammolar sabab bo‘lgan.

Hokim yordamchisi va sherigi yer sotishda ayblanib, qo‘lga olindi

IIVning xabar qilishicha, Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1984-yilda tug‘ilgan shaxs 1986-yilda tug‘ilgan fuqarodan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullari olayotgan vaqtda ushlandi.

U Yangiyo‘l tumanidagi davlat zaxirasidagi 20 sotix yer maydonidan 4 sotixini mansabdor tanishi orqali kelgusida rasmiylashtirib berishini va’da qilib, 20 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan holda oldindan bo‘nak (avans) sifatida olgan 5 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida, uning mansabdor tanishi 1973-yilda tug‘ilgan Yangiyo‘l tumanida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs ekanligi aniqlandi.

AQShga “qo‘li yetganlar” ushlandi

Samarqandda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan noqonuniy migratsiyaning oldini olish, firibgarlarning qonunga xilof harakatlariga chek qo‘yish yuzasidan o‘tkazilayotgan tezkor tadbirlarning birida yana bir “hojatbaror”ning qilmishlari fosh bo‘ldi.

Aniqlanishicha, fuqaro I.S. mahalliy fuqaro Sh.M.ga o‘zining tanishlari orqali AQSHga kirish vizasi tayyorlab berishi va u yerda yaxshi ish o‘rinlari bilan ta’minlashni va’da qilib, buning evaziga 50 ming AQSH dollari so‘ragan.

Fuqaro I.S. 45 ming 600 AQSH dollari miqdoridagi pulni firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.