$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 1-fevral voqealari

Qora 1-fevral

Vetnamda YTH oqibatida o‘zbekistonlik yosh ayol halok bo‘ldi

Vyetnamning Phu Quok orolida 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi YTH oqibatida halok bo‘ldi.

Voqea 29-yanvar kuni sodir bo’lgan. Qiz haydovchilik guvohnomasisiz mototsikl haydab ketayotib, boshqaruvni yo‘qotib, yiqilib tushgan. U yaqinlashib kelayotgan avtobus g‘ildiraklari ostida qolgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi Vetnam Tashqi ishlar vazirligidan marhumning jasadini vataniga jo‘natish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam berishni so‘radi.

Rossiyada o‘zbekistonlik erkak 15 kg gashish bilan qo‘lga tushdi

Rossiyaning Sankt Peterburg shahri Kirov tumanidagi “Kola” trassasida standart tekshiruv uchun CHERY TIGGO avtomobili to‘xtatilgan. Rulda Sankt Peterburgda istiqomat qiluvchi 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.

Polisiya bilan suhbat chog‘ida fuqaro o‘zini g‘alati tutgani inspektorlarda shubha uyg‘otgan. Natijada ular haydovchini hamda uning avtomobilini sinchkovlik bilan tekshirishga qaror qilgan va yukxonadan 15 kg narkotik moddalar topilgan. O‘zbekistonlik haydovchi narkokuryer sifatida ishlashini tan olgan.

Noqonuniy tamaki mahsulotlari qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tish uchun kirib kelgan fuqaro M.X. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Bu haqda viloyat Bojxona boshqarmasi axborot xizmati yozmoqda.

“Ushbu yuk avtotransport vositasining rentgen tasvirlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otganligi sababli, chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada, avtotransport vositasining kabinasiga berkitilgan 1000 quti “Esse Black” nomli sigaret mahsulotlari borligi ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, yana 2 holatda yuk avtotransport vositalarining xufiya joylariga berkitilgan 252 quti turli nomdagi sigaret mahsulotlari aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Makkadan Farg‘onaga parvoz qilayotgan О‘zbekiston aviakompaniyasining samolyoti favqulodda Turkmanistonga qo‘ndi

1-fevral kuni Makkadan Farg‘onaga uchayotgan О‘zbekistonning Centrum Air aviakompaniyasining С6-3336 reysi Turkmanistonning Mari shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.

Samolyot Eron chegarasini kesib o‘tib, Turkmaniston havo hududiga kirganidan so‘ng o‘z yo‘nalishidan chetga chiqib, pastlay boshlagan. Ekipaj Toshkent vaqti bilan soat 09:08 da samolyotni muqobil aeroportga qo‘ndirishga qaror qilgan.

Voqea guvohlarining NOVA24.uz nashriga aytishicha, hodisaga dvigatellardan birining ishdan chiqishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq, Centrum Air ushbu versiyani tasdiqlamadi, faqat “texnik muammolar”ni keltirib o‘tdi.

Aviakompaniya va Fuqarolik aviatsiyasi agentligining rasmiy sahifalarida voqeaga izoh berilmagan. Agentlikka qilingan qo‘ng‘iroqlarga ham javob berilmadi.

Parvoz yo‘lovchilari Mari shahriga taxminan 17:00 da yetib kelgan Centrum Air kompaniyasining boshqa samolyoti tomonidan olib ketilgan. “Texnik muammolari” bor samolyot hozircha Turkmanistonda qolmoqda.

Теги :
Jamiyat