$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 30-yanvar voqealari

Qora 30-yanvar

Yengil avtomobildagi yog‘och taxtalar ostidan 118 litr alkogol mahsulotlari fosh etildi

Ma’lumki, jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishning amaldagi tartiblariga ko‘ra, jismoniy shaxslar mamlakatimizga alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni 2 litrgacha bojsiz olib kirishlari mumkin. Bu haqda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati yozmoqda.

Ammo ayrim fuqarolar tomonidan ushbu me’yorlarga rioya qilmasdan, belgilangan me’yordan ortiq alkogol mahsulotlarini olib kirishga bo‘lgan urinishlar uchramoqda.

O‘zbekistonga o‘tish uchun “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga fuqaro boshqaruvida kirib kelgan yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, avtoulovning tirkama qismidagi yog‘och taxtalari ostida, bojxona nazoratidan yashirilgan 118 litr alkogol mahsulotlari fosh etildi.

Toshkentda firibgarlar 203 nafar fuqaroga avtokredit rasmiylashtirdi

6 nafar shaxs avtokredit olib, 62 milliard so‘m zarar yetkazganligi uchun aybdor deb topildi. Bu haqda Millar dasturida xabar berildi.

Ish materiallariga ko‘ra, sudlanuvchilar xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya tashkil etgan. Ular fuqarolarga pasport ma’lumotlarini taqdim etish va avtokredit olish uchun hujjatlarni imzolashlariga pul mukofotini taklif qilishadi.

Firibgarlar jabrlanuvchilarning kreditlarni o‘zlari to‘lashga ishontirishgan, biroq aslida ular pul bilan g‘oyib bo‘lib, qarzni 203 nafar shaxs nomiga qoldirishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontoxur tuman sudi ayblanuvchinilarni aybdor deb topdi. Ulardan biri 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi, qolganlari ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

Noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi oldi olindi

Oʻzbekistonda noqonuniy tamaki mahsulotlarining savdosiga qarshi kurash doirasida bir qator huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar boʻlimi va soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorlikda olib borgan tadbir natijasida fuqaro F.Ya. tomonidan tegishli hujjatlarsiz sotuvga qoʻyilgan 162,8 million soʻmlik 24 turdagi jami 2 467 quti tamaki mahsulotlari aniqlandi. Mazkur mahsulotlar savdo doʻkonida noqonuniy ravishda realizatsiya qilinayotgan boʻlib, ularning barchasi daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Beshariq tumanida ham shunga oʻxshash huquqbuzarlik qayd etildi. Departamentning Beshariq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan reyd chogʻida “B.Z.” MCHJ rahbari A.Q. tomonidan “Hamid Olimjon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan savdo doʻkonida 4 372 quti aksiz markasiz va hujjatlarsiz tamaki mahsulotlari sotilayotgani aniqlandi. Bu mahsulotlarning umumiy qiymati 61,7 million soʻmga teng boʻlib, barchasi daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Boshqa bir huquqbuzarlik poytaxtning Mirobod tumanida fosh etildi. Departamentning Mirobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda fuqaro R.S. fuqarolardan biri – I.A.ga 2 quti aktsiz markasiz tamaki mahsulotini 100 ming soʻm evaziga sotayotgan paytda qoʻlga olindi. Tergov jarayonida u sotishga moʻljallangan yana 76 turdagi jami 2 458 quti noqonuniy tamaki mahsulotlarini olib kelganligi aniqlanib, ular ham daliliy ashyo sifatida musodara qilindi.

YPX xodimini urib ketgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqarda Buxoro viloyati Jondor tumanida YPX xodimi bilan yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganligi haqidagi xabar tarqaldi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganligi haqida xabar bergan edi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Buxoroda haydovchi YPX xodimining qonuniy talabiga rioya qilmagan va yo‘l transport hodisasini sodir etgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Теги :
Jamiyat