“Qora dayjest”: 2025-yil 28-yanvar voqealari
Ona va bola pichoqlab ketildi, tikuvchilik fabrikasi ombori yonib ketdi, uch fuqaro shifokorlarni kaltaklagani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi, maktabga avtomobil haydab kelgan o‘quvchiga chora ko‘rildi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ona va bola pichoqlab ketildi
Toshkentdagi shifoxonalardan biriga 31 yoshli ayol va uning 12 yoshli farzandi qo‘shnisi tomonidan pichoqlangan holda og‘ir ahvolda olib kelindi, deb xabar bermoqda bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Telegram kanalida.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bemorlarning bosh qismi, shuningdek, ko‘krak qafasi va yelkalarida sanchilib kesilgan jarohatlar aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, onaning ahvoli qoniqarli. Bola esa hali ham og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida.
Xabarga ko‘ra, ona va bolani pichoqlagan shaxs jabrlanuvchilarning yaqin qarindoshi va hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Maktabga avtomobil haydab kelgan o‘quvchiga chora ko‘rildi
Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi inspektor psixologi leytenant Juraboyev Xasanboy tomonidan Yunusobod tumanidagi maktablardan birida “Tigʻ” tadbirlari oʻtkazilganda, 313-maktabning 10-sinf oʻquvchisini yonidan “Lacetti” avtomashinasining kaliti borligi aniqlandi.
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari bilan ushbu holat yuzasidan surishtiruv olib borilganda, kuzatuv kameralari orqali shu aniq bo’ldiki maktab oʻquvchisi B.N. “Lacetti” rusumli avtomashinasini tegishli hujjatlarsiz maktabga boshqarib kelganligi maʼlum boʻldi.
Holat yuzasidan YPX katta inspektori tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yildi.
Toshkentda tikuvchilik fabrikasi ombori yonib ketdi
27-yanvar kuni soat 21:33 da Toshkent shahrining Uchtepa tumani, Takachi mahallasi, Takachi ko‘chasida joylashgan tikuv korxonasi omborida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga qutqaruv brigadalari soat 21:40 da yetib borgan, yong‘in soat 22:22 da mahalliylashtirilgan va 01:41 da to‘liq o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Voqea joyiga Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati va tegishli tashkilotlar vakillari yetib kelgan.
Uch fuqaro shifokorlarni kaltaklagani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontoxur tuman sudi tibbiyot muassasasi xodimlarini kaltaklagan uch fuqaroga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Millar dasturida xabar berildi.
Ish materiallariga ko’ra, voqea bemorning do’stlari u bilan birga kasalxonaga kelganidan keyin sodir bo’lgan. Ular bilan tibbiyot xodimlari o‘rtasida nizo kelib chiqqan, buning oqibatida uch nafar yosh shifokorlarga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.
Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (bezorilik) bilan aybdor deb topib, ularning har birini uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashadi.



