Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 80 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

“Qora dayjest”: 2024-yil 24-iyul voqealari

Tataristonda choʻkib ketgan oʻzbek, jarga qulagan Damas, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan MCHJ, AQShda halok boʻlgan oʻzbekistonlik Trak haydovchisi— kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 24-iyul voqealari

Tataristonda oʻzbekistonlik erkak choʻkib ketdi

Tataristonda mast o‘zbekistonlik erkak shahar plyajining taqiqlangan hududida cho‘milib, cho‘kib ketdi. Qayd etilishicha, hodisa Nijnekamsk shahrining “Kama” plyajida sodir bo‘lgan. 7-iyuldan boshlab plyajdagi suv sifatsiz deb topilgani uchun u yopilgan, biroq taqiqlarga qaramay erkak suvga sho‘ng‘igan va qaytib chiqmagan.

Surxondaryoda Damas Nexia-3 bilan toʻqnashib jarga quladi

Surxondaryo viloyatida Damas avtomobili Nexia-3 avtomashinasi bilan to‘qnashdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi. Maʼlum boʻlishicha, hodisa kecha, 23 iyul kuni soat 11:00 atrofida Sariosiyo tumanining “Nilu” MFY hududidan o‘tgan 4R107 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. 37 yoshli Damas haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia-3 mashinasiga urilgan. So‘ngra Damas jarlikka tushib ketib, ag‘darilgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida uning 17 yoshli yo‘lovchisi tan jarohati olib tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Margʻilonda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan MCHJ aniqlandi

“Oʻzenergoinspeksiya” Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi, IIB va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi hamda gaz taʼminoti korxonasi hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida Margʻilon shahrida faoliyat yuritayotgan “Sh.I.D” MCHJning qurilmalari gaz hisoblagichdan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri tabiiy gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu qoidabuzarlik holati boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra. davlat manfaatlariga 7 mlrd. 143 mln. soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻlgan.

AQShda 38 yoshli oʻzbekistonlik Trak haydovchisi halok boʻldi

AQSHdagi I-10 avtomagistral yo‘lida harakatlanayotgan 18 g‘ildirakli yuk mashinasi yo‘l-transport hodisasiga uchradi va oqibatda o‘zbekistonlik 38 yoshli haydovchi Jamoliddin Tohirov halok bo‘ldi. Voqea 22 iyul soat 8:30 atrofida sodir bo‘lgan. 2022 yilgi Freightliner Semi Traktor I-10 avtomagistrali Sharqiy yo‘lidagi Highland Road chiqish rampasi yaqinida harakatlanayotgan bo‘lgan. Yuk mashinasi ichki beton to‘siqqa borib urilgan. Yo‘l kameralariga 18 g‘ildirakli avtomobil magistralning bir qismida osilib turganining tasvirlari tushib qolgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi mashinadan chiqib ketgan va voqea joyida vafot etgan.