“Qora dayjest”: 2024-yil 22-iyul voqealari
Qizlarini kaltaklagan ayol “maxsus ro‘yxat”ga qo‘shib qo‘yildi, QR-kodli chek so‘ragan bolaga tarsaki tushirgan sotuvchi qamaldi, 4 ta viloyatda sel-suv toshqini xavfi e’lon qilindi, MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelish holati aniqlandi — kunning “qora” xabarlari bilan tarnishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Qizlarini kaltaklagan ayol “maxsus ro‘yxat”ga qo‘shib qo‘yildi
Bir muddat oldin Buxoroda turmush o‘rtog‘iga jahl qilib ikki nafar qizini kaltaklagan ayol haqida xabar berilgan edi.
Bolalar ombudsmani bergan xabarga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv doirasida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasida qizlar – 2020-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan O‘.S. va 2021-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan O‘.S. larning biror darajadagi tan jarohati olmagani aytildi.
Shu bilan birga, I.M. (ayol)ning o‘z bolalariga nisbatan nomaqbul harakatlarida MJtKning 47-moddasi 1-qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanib, joriy yilning 20 iyul kuni u tegishli jarima jazosiga tortilgan va farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ona sifatida ro‘yxatga olingan.
QR-kodli chek so‘ragan bolaga tarsaki tushirgan sotuvchi qamaldi
Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi do‘konda 12 yoshli bolani urgan sotuvchi 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 22 iyul kuni Guliston shahri sudi uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan.
Avvalroq, do‘konchi tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilgani, jumladan, uning yuziga tarsaki tushirgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Bolaning onasi so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li QR-kodli chek so‘ragani uchun sotuvchi uni haqoratlagan va bir necha bor yuziga urgan.
O‘zbekistonning 4 ta viloyatida sel-suv toshqini xavfi e’lon qilindi
Joriy yilning 23-26 iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet agentligi direktori Sherzod Habibullayev ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin:
- Toshkent viloyati — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
- Namangan viloyati — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
- Farg‘ona viloyati — So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida va Shohimardon hududida;
- Andijon viloyati — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida.
MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelish holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B-N.” MCHJ rahbari A.I. kreditor “P.” MCHJdan 96 430 AQSH dollari va 322,9 mln. so‘m soliq qarzdorligini to‘lamaslik maqsadida korxonaning umumiy maydoni 14 779 kv.m bo‘lgan noturar binosini o‘g‘li A.I.ning ta’sischiligidagi “R.” MCHJga go‘yoki 229,8 mln. so‘mga sotilganligi to‘g‘risida shartnoma rasmiylashtirib, MCHJni qasddan bankrotlik holatiga olib kelganligi aniqlangan.



