“Qora dayjest”: 2024-yil 4-iyun voqealari
Xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari, bedarak yo‘qolgan qiz, o‘zini ko‘pqavatli uydan tashlagan qiz — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Cobalt piyodani urib yubordi
Bugun, 4-iyun kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan piyodani (qiz bola) Cobalt avtomashinasi haydovchisi urib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB Matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 3-iyun kuni soat 13:55 atrofida haydovchi 1980-yilda tug‘ilgan N.K. Cobalt avtomashinasini boshqarib kelayotgan vaqtda, Mirzo Ulug‘bek tumani Ahmad Yugnakiy ko‘chasida, yo‘lni belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan piyoda 1998-yilda tug‘ilgan D.X.ni urib yuborgan.
Ushbu YTH natijasida piyoda D.X. olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.A. fuqaro G.B.ning ishonchiga kirib, 3 nafar fuqaroni 42 000 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishi hamda viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 28 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqaro F.A. fuqaro M.Ya.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Amerika Qo‘shm Shtatlariga borishi uchun hujjatlarni rasmiylashtirib, viza olib berishi evaziga 17 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jizzaxda maktab imtihoniga boraman deb chiqib ketgan qiz uyiga qaytib kelmadi
Paxtakor tumani Oltinko‘l MFY Ergash Jumanbulbul ko‘chasida yashovchi 2007-yilning 6-iyul kuni tug‘ilgan, tumandagi 4-sonli o‘rta umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Musurmonova Charos Kamol qizi joriy yilning 29-may kuni soat 07:30 larda yashash uyidan maktabga imtihonga boraman deb chiqib ketib qaytib kelmagan.
Ushbu bedarak yo‘qolgan Musurmonova Charos Kamol qizini ko‘rganlardan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining 102 tizimiga yoki, 72-353-13-56, 72-353-12-02, 99-556-60-76, 94-392-00-02 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki yaqin oradagi ichki ishlar organlariga xabar berishlari so‘raladi.
Olmaliqda qiz o‘zini 16 qavatli uydan tashlab yuborgani aytildi
Olmaliq shahrida qiz o‘zini 16 qavatli uy tomidan tashlab yuborgani aytilmoqda. Tegishli fotosuratlar Telegram kanallarida aylanmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yil 4-iyun kuni soat 16:45da shahar IIBga Uvaysiy MFYdagi ko‘p qavatli 45-uyning tom qismidan o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘layotgan qizni qutqarish lozimligi haqida xabar kelib tushgan.
Shahar IIB va FVB vakillari hamda MFY raisi zudlik bilan voqea joyiga yetib kelishgan va qiz bilan suhbatlashilgan. Ammo, olib borilgan muzokaralarga qaramasdan, qiz o‘z joniga qasd qilgan. Mahalla raisi va shu ko‘p qavatli uy aholisining aytishicha, bu qiz ushbu ko‘p qavatli uyda yashamaydi.
Hozirda shahar IIB tomonidan marhum qizning shaxsiga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda. Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu voqeani tasdiqladi.



