“Qora dayjest”: 2024-yil 1-iyun voqealari
Aksiz markasiz tamaki mahsulotlari, hamkasblarining nomiga kredit olib, to‘lamay yurgan zamdirektor, avtosalonga “qo‘li yetgan” shaxs, “prava” olib berishni va’da qilgan firibgarlar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “M.Y.” MCHJ rahbari Yu.M. savdo do‘konida fuqaro A.A.ga aksiz markasiz jami 4 500 quti “MILANO” va “ORIS” nomli xorijda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlarini 3 500 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu do‘kondan jami 5 910 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hamkasblarining nomiga kredit olib, to‘lamay yurgan zamdirektor ishdan olindi
Bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda Namangan tumanidagi 27-sonli maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z.A.ning faoliyati o‘rganib chiqilishi kerakligi, sababi maktabda ish faoliyati davomida qo‘l ostida ishlayotgan o‘qituvchi va xodimlarning nomidan kredit olib, o‘z vaqtida kreditni bartaraf etmasdan kelayotgani aytilgan xabar tarqalgan.
Nomiga kredit olingan pedagog hamda xodimlar esa kredit to‘lovini o‘z hisobidan to‘lab kelishgan.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishda yuqoridagi holat o‘z tasdig‘ini topgan.
“Vazifasiga nisbatan sovuqqonlik bilan yondashgan muassasa direktorining o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Avtomobil olib berishni va’da qilib, pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi
Qarshi shahrida fuqarolarga avtomashina olib berishni va’da qilib, ularning 22 000 AQSH dollarini qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi.
Unga ko‘ra, Qarshi shahrida fuqaro A.Yu. fuqarolarga avtosalondan shartnoma asosida qisqa muddatda avtomashina olib berishini aytib, 2 nafar fuqaroga “Cobalt” va “Malibu” rusumli avtotransport vositalarini olib berishi evaziga ularning jami 22 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Haydovchilik guvohnomalarini olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Xo‘jayli tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.B.” MCHJ instruktori B.A. fuqaro F.T.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida hech qanday imtihon sinovlarisiz haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 8,8 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Bo‘zatov tumani, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar J.A. va J.K. fuqaro T.Sh.ning ishonchiga kirib, uni 700 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib berishlarini aytib, 600 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.



