$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 4-may voqealari

negative-24-5-4

 Inspektorlarga hujum qilganlar qamoqqa olindi

Toshkent viloyatida brakonerlar ekologiya inspektorlariga hujum qilib, ularni suvga cho‘ktirmoqchi bo‘lishgan. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, voqea joyidan qochib ketgan huquqbuzarlar qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, joriy yilning 29 aprel kuni Toshkent viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryo daryosi oqimi bo‘ylab ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Tekshirish davomida daryoning Oqqo‘rg‘on tumani, “Eltamg‘ali” MFY, Ko‘rik qishlog‘idan oqib o‘tuvchi qismida 2 nafar fuqaro tomonidan motorli qayiq va to‘r yordamida “O‘zbekiston Respublikasida ov qilish Qoidalari”ga zid ravishda baliq ovlanayotganligi aniqlangan. Brakonerlardan ov qilishni to‘xtatish so‘ralganida, ular ekologiya inspektorlariga qayiq eshkaklari bilan hujum qilib, ularni urib suvga yiqitishgan va voqea joyidan qochishgan.

Chilonzor tumanida Cobalt va Tracker to‘qnashdi

Joriy yilning 2-may kuni soat 19:15 larda Chilonzor tumani Do‘mbirobod ko‘chasida 2 ta avtomashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Haydovchilar, 2005-yilda tug‘ilgan Sh.A. boshqaruvida bo‘lgan Tracker rusumli avtomashinasi va 1991-yilda tug‘ilgan K.I. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. YTH natijasida Cobalt haydovchisi tan jarohat olgan.

Qartaboz o‘quvchilarning ota-onalariga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida “Maktabmi bu yoki qimorxona?” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Videolavhadagi voqea 2024 yil 23 aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli umumta’lim maktabida 8-“B” sinf o‘quvchilari tomonidan tarix fani darsi chog‘ida sodir etilganligi aniqlangan. Dars jarayoniga xalaqit qilib, “qartabozlik” qilgan to‘rt nafar o‘quvchi va ularning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab ma’muriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. O‘quvchilarning ota-onalariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan jarima qo‘llandi. 8-“B” sinf rahbari N.B. ga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan.

Rossiyada o‘zbekistonlik odam savdogari qo‘lga olindi

Rossiyaning Kirov shahri politsiyasi O‘zbekistonda odam savdosida gumonlanayotgan 21 yoshli migrantni qo‘lga oldi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligiga tayanib Lenta xabar berdi. Huquq-tartibot idoralari vakillariga ko‘ra, erkak davlatlararo qidiruvda bo‘lgan. Rossiya hududida u O‘zbekiston tergov organlaridan yashirinib yurgan. U qizni sotgani uchun qidiruvda bo‘lganini politsiyaga tan olgan. Qayd qilinishicha, Buxoroda unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) bilan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qul savdogarining O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.