Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 94 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-may voqealari

Noqonuniy baliq ovlaganlar, Oroldan topilga qidiruvdagi shaxs, “piar” ishlamoqchi bo‘lgan bloger, yonib ketgan Gentra — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-may voqealari

Navoiyda noqonuniy baliq ovlaganlarga jinoiy ish ochildi

Navoiy viloyati Konimex tumani “Sho‘rko‘l” MFY hududida viloyat ekoboshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida fuqaro Y.O. tomonidan 5000 metrlik sintetik to‘r bilan tabiiy suv havzasi hududida 218 bosh baliq noqonuniy ovlanganligi aniqlandi.

Natijada tabiatga 1 milliard 240 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qidiruvdagi shaxs Orol dengizi bo‘yidan topildi

Aliment pullarini to‘lashdan qochib yurgan qarzdor T.F.ga nisbatan Majburiy ijro byurosi Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan 2023-yil 2-avgustkuni qidiruv e’lon qilingan. Qarzdor T.F.ning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi hozirda 18,2 mln. so‘mni tashkil etgan.

Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi xodimlari tomonidan birgalikda amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida qidiruvda bo‘lgan qarzdor T.F. Orol dengizi bo‘yida artemiya sistasini yig‘ish bilan shug‘ullanib yurganida topilgan.

Shu munosabat bilan, qarzdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudiga yuborilgan va ushbu sud tomonidan qarzdor T.F.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

“Piar” ishlamoqchi bo‘lgan bloger qamaldi

Xorazmda Nexia-3 va Spark avtomashinalari haydovchilari yo‘lda o‘zaro gap talashib qolishi natijasida Nexia-3 haydovchisi Spark avtomashinasini to‘xtatib, uning old peshoynasini oyoqlari bilan sindirgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan IIV JXD YHXX Matbuot xizmati izoh berdi.

Aniqlanishicha, video tasvirda aks etgan holat insta-blogerlar tomonidan joriy yilning 21-may kuni sahnalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan MJtKning 183-moddasiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish uchun sudga yuborilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun ularning biriga 15 sutka yana biriga esa 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Olmaliqda Damas kanalga tushib ketdi

Joriy yilning 26-may kuni soat 12:00 atrofida Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashovchi M.S. Damas avtomashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, ushbu ko‘chadagi "Tanachi-Bo‘ka" kanaliga tushib ketgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB Matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu YTH oqibatida haydovchi tan jarohati olmagan. Avtomashina texnik shikastlangan. Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra haydovchi mast holda bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.

Toshkent viloyatida Gentra yonib ketdi

Joriy yilning 27-may kuni soat tahminan 13:30 larda Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tgan 4R12 “Bektemir-Chorbog‘ q” avtomobil yo‘lining 62-kilometrida (aholi yashash joyidan tashqari) haydovchi 2002-yilda tug‘ilgan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi A.K boshqaruvidagi “Gentra” rusumli transport vositasida qisqa tutashuv bo‘lganligi (avtomobilning yoqilg‘i turi benzin) sababli yong‘in yuzaga kelgan. Ushbu holatda haydovchi va ikki nafar yo‘lovchilar avtomobildan tushib qolgan.

Ushbu yong‘in natijasida harakat ishtirokchilarining sog‘lig‘iga ziyon yetmagan. Avtoulov to‘liq yonib ketgan.