Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 21-may voqealari

Valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalaga kirishi, Toshkentda yopilayotgan ikki ko'cha, bir kishining o'limiga sabab bo'lgan YTH, kartadan pul "shilgan" yigit — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 21-may voqealari

Valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan Z.J. jami 3 000 AQSH dollarini fuqaro S.X.ga 38,1 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Gʻijduvon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan D.T. fuqaro F.K.dan jami 270 ming Rossiya rublini 35,6 mln. so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkentdagi KHAY va Qorasaroy ko‘chasining bir qismi 26 maygacha yopiq bo‘ladi

Toshkent shahar hokimligi ko‘chalar va chorrahalarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

20-may kuni Qorasaroy ko‘chasining Nurafshon ko‘chasi bilan kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi bilan kesishmasigacha hamda Kichik halqa avtomobil yo‘li Nurafshon ko‘chasi bilan kesishmasidan Qorasaroy ko‘chasi bilan kesishmasigacha ta’mirlash ishlari boshlangani haqida xabar berilgandi.

Amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida aholining iltimosiga binoan yoritish tizimlari, fasadlar, drenaj va irrigatsiya tizimlari, bordyurlarni yangilash, mahallalarga kirish yo‘llarini obodonlashtirish zarurati aniqlandi. Shu sababli, ishlar joriy yilning 26-mayigacha davom etadi.

YTHda piyoda halok bo'ldi

Mirzo Ulug‘bek tumanida piyoda o‘limi bilan yakun topgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Joriy yilning 20 may kuni soat 21:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yuzrabot ko‘chasi 4-uy qarshisida 1989 yilda tug‘ilgan (erkak) P.M. Matiz rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, yoshi 35-40 atrofida rus millatiga mansub piyodani urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Kartadan pul "shilgan" yigit qo'lga tushdi

Qashqadaryo viloyatida 52 yoshli ayolning bank kartasidan 2 mln so‘m pul yechib olgan yigit ushlandi.

Qayd etilishicha, shu viloyatda yashovchi ayol IIOga murojaat qilib, bank kartasidan pul o‘g‘irlanganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv natijasida jinoyatchi F.Sh. ismli yigit ekani, u bu jinoyatni Telegram messenjeri orqali turli xil mazmundagi xabar (havola)lar jo‘natish, so‘ngra bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali sodir etgani aniqlandi.

Holat yuzasidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (Qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘irilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.