“Qora dayjest”: 2024-yil 20-may voqealari
Tok urushi oqibatida vafot etgan 5 yoshli bola, chegarada to'xtatib qolingan "Makarov", kredsit qarzdorligi sabab sotuvga qo'yilgan 1,5 milliardlik uy — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Tok urushi oqibatida vafot etgan 5 yoshli bola
Samarqand viloyati Nurobod tumanida 5 yashar bola tok urishi oqibatida vafot etdi.
Aniqlanishicha, 16-may kuni Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi, 2019-yilda tug‘ilgan R.M. tok urishi natijasida vafot etgan.
Tuman prokuraturasi tomonidan tuzilgan tezkor-tergov guruhi hodisa joyiga chiqib holat o‘rganilganda, “Omondara” MFY, Chunqaymish qishlog‘i hududidagi tepalikdan o‘tgan elektr simini voyaga yetmagan R.M. ushlashi oqibatida elektr toki urib, voqea joyida vafot etgani aniqlangan. Tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, R.M.ning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Sobiq menejer va bank xizmatlari markazi rahbari qo‘lga tushdi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kasbi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yu.Sh. hududiy tijorat banki filiali bo‘limi bosh menejeri lavozimida ishlagan davrida fuqaro T.Sh. bilan o‘zaro til biriktirib, 12 nafar fuqaro nomidan ularning xabardorligisiz kredit shartnomalarini rasmiylashtirib, jami 304,3 mln so‘m kredit mablag‘larini olib o‘zlashtirganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda hududiy tijorat banki Yangiyer shahar bank xizmatlari markazi sobiq rahbari I.B. va boshqalar fuqaro G‘.S.ga ajratilgan 390 mln so‘m kredit mablag‘ini uning xabardorligisiz naqdlashtirib olishib, shundan 260 mln so‘mini G‘.S.ga berib, qolgan 130 mln so‘mini o‘zlashtirganliklari aniqlangan.
Chegarada "Makarov" to'xtatib qolindi
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi "G‘ishtko‘prik" chegara bojxona posti orqali noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgan qurol to‘xtatib qolindi.
Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, chegara postiga kirib kelgan avtotransport vositasi bojxona xodimlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilganida avtomobil yukxonasida bojxona nazoratidan yashirilgan 1 dona "Makarov" rusumli to‘pponcha, 2 dona tig‘li sovuq qurol, turli xil harbiy anjomlar hamda 3 dona polietilen paketda quritilgan giyohlar borligi aniqlangan.
Kredit qarzdorligi sabab 1,5 mlrd soʻmlik xonadon sotuvga qoʻyilmoqda
Andijon viloyati Fuqarolik ishlari boʻyicha Xoʻjaobod tumanlararo sudining 08.02.2024 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor MCHJdan undiruvchi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB foydasiga jami 1,2 milliard soʻm kredit qarzdorligini undirish va undiruv turar-joy binosiga qaratilishi belgilangan.
Maʼlum boʻlishicha, qarzdor Byuroning Buloqboshi tuman boʻlimi xodimlari tomonidan ijro ishi talablarini bajarishi yuzasidan ogohlantirilgan. Biroq, shunday boʻlsa-da, u kredit qarzlarini toʻlamagan.
Oqibatda, ijro hujjatiga binoan qarzdorning Buloqboshi tumanining “M.Ismoiliy” mahallasida joylashgan 550 kv/m yer maydoniga ega 10 ta xonadan iborat turar-joy binosi xatlangan.



