“Qora dayjest”: 2024-yil 19-may voqealari
Ko‘prikdan qulagan Gentra, maktab o‘quvchisini “samosud” qilgan erkak, relsdan chiqib ketgan 7 ta yuk vagoni, ikki yosh bolani urb yuborib, qochib ketgan Cobalt — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Gentra ko‘prikdan quladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Gentra avtomashinasi TAPOiCh ko‘prigidan pastga qulab tushgani aks etgan videolar tarqaldi.
Bu xabarlarda mashina uch qavatli ko‘prikning uchinchi qavatida yuqori tezlikda haraktlangani, so‘ngra boshqaruvni yo‘qotib, ko‘prik to‘sig‘ini sindirib o‘tgani va ikkinchi qavatga tushib ketgani ma’lum qilingan.
Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 180-may kuni soat 22:40 atrofida 21 yoshli haydovchi D.M. boshqaruvidagi Lacetti (Gentra) 26 yoshli Sh.O. boshqaruvida bo‘lgan Monza bilan to‘qnashgan. To‘qnashuv mashina ko‘prikdan qulashi oldi yoki keyin sodir bo‘lgani haqida aniq ma’lumot berilmagan. YTH oqibatida Gentra haydovchisi va ikki yo‘lovchisi tan jarohatlari shifoxonaga olib ketilgan.
5 yoshli bola o‘raga tiqilib qoldi
Toshkent viloyati, Toshkent tumani, “M.Fozilov” mahallasidagi uylardan birida istiqomat qiluvchi bola FVV xodimlari ko‘magida noxush vaziyatdan xalos etildi.
Qayd qilinishicha, 5 yoshli bola ehtiyotsizlik oqibatida suv krani uchun qazilgan o‘raga tushib ketgan va tizzasi bukilgan holda tiqilib qolgan. Uy egalari uni o‘radan chiqarib olishga harakat qilishgan, ammo barcha ishlar samarasiz bo‘lgan. Shundan so‘ng, FVV xodimlariga murojaat qilishgan. Ta’kidlanishicha, FVV xodimlari maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida bolani o‘radan chiqarib olishgan. Uning ahvoli yaxshi ekani tufayli tibbiy yordam zarurati bo‘lmagan.
Cobalt svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib bolalarni urib yubordi
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida Cobalt haydovchisi svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib yo‘lni kesib o‘tayotgan bolalarni urib yubordi.
Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024-yil 17-may kuni sodir bo‘lgan. Haydovchi Cobalt bilan Muzrabot tumani "Darband" MFY hududida tezlikni oshirib, svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan va yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga o‘tmoqchi bo‘lgan uch nafar bolani urib yuborgan.
Oqibatda 2012-yilda tug‘ilgan R.M. og‘ir tan jarohati olib shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etadi. Qolgan ikki nafar voyaga yetmagan bolalarning salomatligi yaxshi, hozirda yashash xonadonida.
30 yoshli erkak maktab o‘quvchisini “samosud” qildi
Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanidagi maktab o‘quvchisi 30 yoshli erkak tomonidan “samosud” qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, bola o‘z sinfida o‘qiydigan qiz bilan hazillashgani uchun qizning akasi kelib maktabdan olib chiqib sochini olgan, qoshini kuydirib “samosud” qilgan.
Viloyat IIB matbuot xizmati holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
7 ta yuk vagoni relsdan chiqib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda 7 ta yuk vagonining relsdan chiqib ketgani haqidagi video tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” holat yuzasidan izoh berdi. Unga ko‘ra, voqea 2024-yil 18-may kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga emas, balki “Chirchiq savdo baraka” MCHJga tegishli bo‘lgan shoxobcha temiryo‘lida sodir bo‘lgan. BN Grain and oil group MCHJ xodimlari vagonlardan yuk tushirish vaqtida temiryo‘l qurilmasi “lebyodka” ishlash texnologiyasiga rioya qilmagan.
Mazkur yuk vagonlarini tushirish vaqtida yuqoridagi tashkilot xodimlari lebyodka yordamida (kerakli texnikaga rioya qilmasdan) vagonlarni tortib olishga uringan, qurilmadan tros uzilib, vagonlar harakatlana boshlagan. Vaziyat davomida BN Grain and Oil Group MCHJ xodimlari vagonlar harakatini to‘xtatishga urinib ko‘rgan va natijada ikkita vagon g‘ildiraklaridan butunlay chiqib ketgan, yana beshta vagon yon tomonga ag‘darilib ketgan.
Hodisaning sababi qo‘shimcha qurilma — “lebyodka” yordamida ishlash texnologiyasining buzilishi sifatida aniqlandi.



