“Qora dayjest”: 2024-yil 16-may voqealari
Poraxo‘r metropoliten xodimi, YTHga uchragan yuk mashinalari, yo‘lovchini urib yuborgan Lacetti, yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan firibgar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Pora olgan metropoliten xodimi
"Toshkent metropoliteni" DUK "Harakat" xizmati xodimi X.N. ismli shaxs fuqaro D.M. ning ishonchiga kirib, uni 2 mln so‘m evaziga ishga joylab qo‘yishga kelishgan va undan 1 mln so‘m miqdorda pora olayotgan vaqtida, O‘zbekiston Respublikasi IIV T va TOXTD ning Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan "Toshkent metropoliteni" DUKning "Rejim tartibini ta’minlash" xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Jizzaxda 3 ta yuk mashinasi to‘qnashib ketdi
Bugun 16-may kuni soat 10 dan 15:30 gacha Samarqand va Toshkent shaharlarini bog‘lovchi M-39 avtomobil yo‘lining 978-kilometri, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida ketayotgan HOWO A7CNG rusumli yuk avtomashinasining 1995-yilda tug‘ilgan haydovchisi tormoz tizimidagi texnik nosozlik tufayli transport vositasini o‘z vaqtida to‘xtata olmagan va harakatlanayotgan “NURLI TO‘LQIN SERVIS” kompaniyasining HOWO yuk mashinasi bilan to‘qnashib YTH sodir qilgan. Shuningdek, SANY SYZ3220S 8Y rusumli yuk avtomobili ham HOWO A7CNG avtomashinasining saloniga borib urilgan.
Yer maydonlarini sotish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari fosh etildi
Oltinko‘l tumanida O.Sh. ismli shaxs “Ittifoq” MFY hududidagi 80 sotix noturar yer maydonini A.B.ga firibgarlik yoʻli bilan 160 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, goʻyoki kadastr boʻlimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydonini turar joy sifatida foydalanishi uchun yana 10 000 AQSh dollari berishi kerakligini aytib, kelishilgan pullar hisobidan 50 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijonda Lacetti 41 yoshli erkakni “uchirib yubordi”
Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining xabar berishicha, 13-may kuni soat 15:00 lar atrofida Paxtaobod tumani “To‘pabjuvoz” MFY hududida Lacetti 41 yoshli fuqaroni urib ketdi. 2001-yilda tug‘ilgan haydovchi X.J boshqaruvidagi Lacetti rusumli transport vositasini tartibga solingan chorrahada svetoforning “yashil” chirog‘ida boshqarib ketayotib, piyodalar yo‘lakchasidan tezlikda o‘tishga harakat qilgan 1983-yilda tug‘ilgan B.D.ni urib yuborib, YTH sodir etgan.



