Dushanba, 26-oktabr, 2026
Havo 88 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +7° kechasi +6°

“Qora dayjest”: 2024-yil 15-may voqealari

Qidiruvga berilgan ikki shaxs, 19 kishining avtokreditini "yeb yuborgan" MChJ mas'ullari, tuproq bosib qolgan go'rkov, sifatsiz benzin sotgan AYOQSHlar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 15-may voqealari

Toshkent shahar IIBB ikki shaxsni qidiruvga berdi

Rasulov Sarvar Shavkatjonovich 1980-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida («Firibgarlik») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Azizov Oybek Alisher o‘g‘li 1996-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-4-qismlarida («Firibgarlik») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

MChJ mas'ullari 19 kishi nomiga noqonuniy avtokredit olib, pullarni "yeb yubordi"

Qo‘qon shahrida 19 nafar fuqaro nomiga avtokredit rasmiylashtirib o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti xabar qildi. 

Qayd etilishicha, fuqarolar Sh.U. va A.V. Toshkent shahridagi “G-W.”. va “E-W.” MCHJlar mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 19 nafar fuqaro nomiga tijorat banki filiallaridan jami 6,3 mlrd so‘m avtokredit ajratilishiga erishishgan. Ular ushbu kredit hisobidan fuqarolarga avtomashinalarni yetkazib bermasdan kredit mablag‘larini talon-taroj qilganliklari aniqlangan.

Go'rkovni tuproq bosib qoldi

Bugun, 15-may kuni soat 09:11 da Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Xonobod shahar Markaziy qabristonida fuqaroni qabr qazish vaqtida tuproq bosib qolganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgan. Zudlik bilan aytilgan manzilga qutqaruvchilar yetib borib, maxsus asbob-anjomlar yordamida qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida fuqaro tuproq ostidan olib chiqilib, birinchi yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga yuborilgan. Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazoratida, deyiladi FVV xabarida.

Sifatsiz benzin sotgan AYOQSHlar aniqlandi

Respublikamizning 50 ga yaqin avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan benzinlarning sifatini o‘rganish uchun nazorat xaridi o‘tkazildi. Laboratoriya tahlillari xulosasiga ko‘ra, 15 ta AYoQShda Ai-92 va Ai-95 markali sotilgan benzinlar sifatsiz ekani ma’lum bo‘lgan. Xususan, Samarqand viloyatining 12 ta xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalari — «GULOBOD OIL SERVICE», «RUSTAM GAZ OIL», «AZAMAT GAZ SERVIS», «JONIBEK MOBILE», «SAMARQAND LADA», «KUTFI BOBO», «SAM MEGA PETROLEUM», «ECO STANDART SERVICE», «BOG‘IZAG‘ON ABDUGAFFOR», «GULOBOD GAZ SERVIS», «SHUXRAT», «RAVOT GAZ SOY» kabi o‘nlab MChJlar nomlari keltirib o‘tilgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatining «FERNOVAGAZ» MChJ, Surxondaryo viloyatining « BEK BARAKA 777» XK va Namangan viloyatining « XONABOD 2000» xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarining benzinlari ham sifatsiz ekani ma’lum bo‘ldi. Mazkur nazorat xaridlari natijasida yuqorida nomlari keltirilgan xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar tomonidan iste’molchilarga 201 mln. so‘mdan ortiq zarar yetkazilganligi aniqlangan. 15 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.