“Qora dayjest”: 2024-yil 14-may voqealari
Hojatxonaga tushib ketgan 2 yoshli bola, 11 yoshli qizni bosib ketgan Damas, Kinoteatrda shilqimlik qilgan yigit, qo‘lga tushgan qora bozor “savdogarlari” — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Zangiotada hojatxonaga tushib ketgan 2 yoshli bola qutqarib olindi
Joriy yil 13-may kuni soat 16:58 da Toshkent viloyati Zangiota tumani «Harakat» mahallasida joylashgan uylarning birida uy egasining 2 yoshli farzandi ehtiyotsizlik va nazoratdan chetda qolganligi sababli hovlidagi hojatxonaga tushib ketganligi to‘g‘risida FVBga xabar berilgan.
Aytilgan manzilga zudlik bilan yetib kelgan qutqaruvchilar maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida taxminan 5 metrlik hojatxona chuqurligidan bolani sog‘-salomat olib chiqib, hayotini saqlab qolishgan.
Samarqandda “Damas” piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 11 yoshli qizni urib ketdi
Hodisa joriy yilning 31-mart kuni Pastdarg‘om tumani Boltali mahallasi hududida sodir bo‘lgan.
Unda “Damas” haydovchisi avtomashinasi bilan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan voyaga yetmagan 2013-yilda tug‘ilgan fuqaroni urib yuborib YTH sodir etgan. Oqibatda 11 yoshli qiz tan jarohatlari bilan RSHTYOIM Samarqand filialiga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ayrim manbalar voyaga yetmagan qizning bir oyog‘idan ayrilgani haqida yozmoqda.
Kinoteatrda shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga “kesildi”
Toshkent shahridagi kinoteatrlardan birida “Jannat onalar oyog‘i ostida” filmi namoyishi vaqtida yonida o‘tirgan tanish qizga shahvoniy harakatlar qilgan 25 yoshli yigit qamaldi.
10-may kuni kinoteatr xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i ichki ishlar organlariga murojaat qilgan va zalda yigit yon o‘rindiqda o‘tirgan qizga jamoat joyida bo‘la turib har-xil shahvoniy harakatlar qilganini ma’lum qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud qaroriga ko‘ra, yigitga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan va undan qamoqni har bir kuni uchun qabul qilish muassasasi foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 255.000 so‘m undirilishi belgilangan.
Valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Hazorasp tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan D.D. va A.D. fuqaro Sh.A.dan jami 3 300 AQSH dollarini 41,9 mln. so‘mga sotib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi Departamentning Angren shahar bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan Sh.E. va A.D. fuqaro M.M.ga 3 000 AQSH dollarini 38,2 mln. so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Buxoroda firibgar shifokor qo‘lga olindi
Buxoro viloyatining Jondor tumanida fuqaroni aldab, uning ishonchiga kirib firibgarlik jinoyatini sodir etgan Tibbiyot birlashmasi rentgenolog shifokori qo'lga olindi.
Ma'lum bo'lishicha, vrach ishochli tanishlari orqali bemorga nogironlik nafaqasiga chiqishda kerak bo'ladigan hujjatlarni tayyorlab berishni va'da qilgan va undan 200 AQSh dollari talab qilgan.



