“Qora dayjest”: 2024-yil 18-oktyabr voqealari
Yuqori bosimli gaz quvirida avariya sodir bo‘ldi, Digital University xususiy ta’lim muassasasining litsenziyasi bekor qilindi, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘illanib kelgan shaxs ushlandi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Yuqori bosimli gaz quvurida avariya sodir bo‘ldi
Tungi soat 01:30 da Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Olovuddin” mahallasida “Nexia-3” avtomashinasi yuqori bosimli gaz quvuriga urilishi natijasida avariya sodir bo‘lgan.
Natijada Denov tumanidagi 3950 ta aholi va 20 ta ulgurji iste’molchida tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.
Avariya holati bartaraf etilishi bilan gaz ta’minoti qayta tiklanadi, deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Qariyb 5 mlrd. soʻmlik energetika mahsulotlari oʻgʻirlangani maʼlum qilindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani boʻlimi tomonidan “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda “B.” MChJ rahbari T.A. va boshqalar MChJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida oʻrnatilgan gaz hisoblagichga tashqi taʼsir oʻtkazilib, jami 1,5 mln. kub metr. tabiiy gazni oʻgʻirlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 mlrd. soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.G.” MChJ rahbari S.R. Pastdargʻom tumanidagi avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida oʻrnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini oʻzgartirib, tijorat maqsadida 2,1 mlrd. soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Digital university xususiy ta’lim muassasasining litsenziyasi bekor qilindi
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Digital university xususiy oliy oʻquv yurtining litsenziyasini bekor qildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Nodavlat ta’lim muassasasining 2022-yilda berilgan litsenziyasi talab va shartlar bajarilmagani uchun bekor qilindi.
Ma’lumot uchun, OTM 2021-yil Toshkent shahrida tashkil etilgan. Universitet raqamli iqtisodiyot va IT uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan edi.
Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida “Qoraqo‘rg‘on” MFY hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan D.A. fuqaro A.A.ga inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi 497 dona “Tropikamid” nomli dori vositasini 40 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, tadbir jarayonida jami 969 dona ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Toshkentdagi ko‘chalardan biri 2 oyga vaqtincha yopiladi
Ma’lum bo‘lishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasi 7/24 ko‘chaga aylanib, ko‘chaning infratuzilmasi o‘zgarib, aholiga, yo‘lovchilarga va albatta shaharsozlik normalariga to‘la mos tushadigan maskanga aylanmoqda. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Shu munosabat bilan bugun, 18 oktyabr kuni soat 14:00dan boshlab, 20 dekabr sanasiga qadar, “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasining Shahrisabz ko‘chasi bilan kesishmasidan, “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasining Istiqlol ko‘chasiga qadar qismi vaqtincha avtoulovlar harakati uchun yopiladi.



