Rossiya neftining narxi qariyb 34 foizga arzonlashi mumkin
G7 davlatlari Rossiya neftiga narxlar cheklovlarini kuchaytirish variantlarini muhokama qilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

G7 davlatlari Rossiya neftiga narxlar cheklovlarini kuchaytirish variantlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Bloomberg manbalarga tayanib xabar bermoqda.
60 dollardan 40 dollarga
Maʼlumotlarga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan chora-tadbirlar qatorida amaldagi narx chegarasini bir barrel uchun 60 dollardan 40 dollargacha pasaytirish yoki Rossiya neftini tashish hamda sug‘urtalashni to‘liq taqiqlash ham bor. Biroq manbalarning ta’kidlashicha, muhokamalar davom etmoqda va yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Iqtisodiy ta’sir va dengiz xavfsizligi
Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, mamlakatlar ushbu mavzuni muhokama qilishda mumkin bo‘lgan iqtisodiy ta’sirlarni, shuningdek, dengiz xavfsizligi masalalarini ko‘rib chiqishga tayyor.
Shuningdek AQSh moliya vaziri Janet Yellen Vashington va uning ittifoqchilari ham Rossiya nefti narxini pasaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi.
Qora dengizdagi avariya
Ma’lumot uchun, 15-dekabr kuni Kerch bo‘g‘ozida mazut yuklangan Rossiyaning ikkita tankerlari shikastlangandi. Ulardan biri cho‘kib ketgan, ikkinchisi Taman porti yaqinidagi qirg‘oqdan 18 m naridagi sayoz joyga to‘xtagan.
Tankerlar jami 9,2 ming tonna mazut tashigan. Hodisa oqibatida neft mahsulotlari to‘kilishi sodir bo‘ldi, Anapa va Krasnodar o‘lkasining bir qator aholi punktlarida favqulodda holat rejimi joriy etildi.
Bu dengiz uchun eng katta ekologik xavf
Mutaxassislar Mazutning sizib chiqishi Qora dengiz uchun eng katta ekologik falokatga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, dengizga 4,2 ming kub metrdan ortiq neft mahsulotlari to‘kilgan bo‘lishi mumkin.



