Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 77 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +6°

Madaniyat vaziri reklama qilgan kiyim do‘koni jarimaga tortildi yoxud vazir “suvdan quruq chiqdi”mi?

Korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilinib, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish hamda kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma beriladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vaziri reklama qilgan kiyim do‘koni jarimaga tortildi yoxud vazir “suvdan quruq chiqdi”mi?

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov reklama qilgan “Kingsman Uzbekistan” kiyimlar do‘koni jarimaga tortildi. Oldinroq Madaniyat vaziri ushbu do‘konni reklama qilgan videolari ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Keyinchalik esa bu haqda Madaniyat vazirligi o‘z ijtimoiy sahifasida rasmiy munosabat bildirgan edi.

Qonun nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Madaniyat vaziri O.Nazarbekov ishtirokida “KINGSMAN UZBEKISTAN” kiyimlar do‘koni haqidagi reklama bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilgan edi. Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha “KINGSMAN UZBEKISTAN” brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Boutique” MCHJ “Reklama to‘g‘risidagi” Qonunning 16-moddasini, ya’ni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish bo‘yicha taqiq talablarini buzgan deb baholadi.

Natija qanday?

Ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi va qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Vazirga qanday chora ko‘rildi?

Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida Madaniyat vaziri O.Nazarbekovning reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganligi alomatlari aniqlanmadi deyiladi. O.Nazarbekov tomonidan reklamani o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmaganligi “Reklama to‘g‘risidagi” Qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmasligi aytib o‘tilgan. Bundan avvalroq Madaniyat vazirligi tomonidan 15 milliard 514 million 900 ming so‘mga ikkita maxsus avtomobil xarid qilingani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Vazirlik bunga ushbu xarid prezident qaroridan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan deb xabar bergan edi.