$
 12275.58
-11.73
 14591.98
-52.04
 159.09
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

Putin Alekseyni kimyoviy qurol bilan o‘ldirgan – Yuliya Navalnaya

Navalniy death

Rossiya muxolifati yetakchisi va Vladimir Putinning asosiy muxolifi Aleksey Navalniy ikki yil oldin qamoqxonada vafot etgandi. U 2022-yilda «Novichok» bilan zaharlanganidan keyin Germaniyada davolanib qaytganida qo‘lga olingandi. Rossiya rasmiylari o‘sha zaharlanishga aloqadorligini rad etgan, shuningdek, Navalniy qamoqxonada tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etganini ma’lum qilgan.

Xorijdagi tekshiruvlar

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, qamoqxonadagi o‘limdan keyin uning oilasi xorijga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan biomateriallarda epibatidin moddasi topilgan.

The Insider nashri yozishicha, biomateriallarni o‘rgangan bir necha laboratoriya ekspertlari bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosaga kelishgan. Ular bir vaqtning o‘zida beshta mamlakatda – Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiyada o‘rganildi.

Bu qanday modda?

Epibatidin – Janubiy Amerikadagi zaharli qurbaqalar (Epipedobates tricolor) terisidan ajralib chiquvchi toksin bo‘lib, u Rossiyada ochiq tabiatda uchramaydi.

U 1974-yilda kashf etilgan neyrotoksin, lekin tuzilishi faqat 1992-yilga kelib to‘liq o‘rganilgan. Modda og‘riq qoldiruvchi ta’sirga ega bo‘lgani tufayli (shu bilan birga, o‘rgatib qo‘yish xususiyati bo‘lmagan) olimlar uzoq vaqt davomida epibatidin asosida og‘riq qoldiruvchi vosita ishlab chiqarishga harakat qilishadi, ammo moddaning xavfsiz dozasini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.

Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribaga ko‘ra, epibatidin yuqori qon bosimi, nafas olish tizimidagi falajlik, tutqanoq hamda komani keltirib chiqaradi va oxir-oqibat o‘limga olib keladi.

Siyosatchining bevasi nima deydi?

Siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya Yevropa davlatlariga haqiqatni ochib bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Birinchi kundanoq erim zaharlanganiga ishonchim komil edi, ammo endi buning isboti bor: Putin Alekseyni kimyoviy qurol bilan o‘ldirgan. Men Yevropa davlatlaridan ikki yil davomida olib borilgan mashaqqatli mehnat va haqiqatni ochib berganlari uchun minnatdorman. Vladimir Putin – qotil. U barcha jinoyatlari uchun jazosini olishi kerak», – deb yozdi Yuliya Navalnaya 14 fevral kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ekspertlarning xulosalariga izoh berarkan.

Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi rahbari Mariya Pevchix «zahar hech qanday tasodifiy yo‘l bilan Qutb doirasi ortidagi qishloqda joylashgan koloniyadagi hibsxona kamerasiga borib qolishi mumkin emasligi»ni ta’kidladi. «Zahar u yerga Vladimir Putinning buyrug‘i bilan borgan», – dedi u.

Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya Aleksey Navalniyning epibatidin bilan zaharlangani haqida qo‘shma bayonot e’lon qildi – va Moskvani Kimyoviy qurol to‘g‘risidagi konvensiyani buzishda aybladi. «Navalniy qamoqxonada vafot etdi. Bu Rossiyada unga bu zaharni yuborish uchun vosita, motivlar va imkoniyat borligini anglatadi», – deyiladi bayonotda.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper Myunxen xavfsizlik konferensiyasida qamoqxonada Navalniyni faqat Rossiya hukumati zaharlashi mumkin bo‘lganini aytdi.

U qanday o‘lgandi?

Aleksey Navalniy 2024-yil 16-fevralda koloniyada vafot etgandi. Rossiya Tergov qo‘mitasi siyosatchini «kasalliklar kombinatsiyasi»dan vafot etgan deb hisoblagan.

Ammo Navalniyning oilasi va safdoshlari boshidanoq u o‘ldirilganini aytishgan va bunda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ayblashgan. Rossiya tergovchilari siyosatchining o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan.

Oddiy yigitdan siyosiy gigantga: Navalniyning yo‘li

Aleksey Navalniy 1976-yilda tug‘ilgan. U Moskvada huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan, moliya va iqtisod yo‘nalishlarida ham o‘qigan. Dastlab advokat sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan katta tizimdagi korrupsiyani fosh qilishga bel bog‘ladi.

Uning siyosiy maydonga chiqishi 2011-yilda boshlangandi. Osha yili u Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga (FBK) asos solganidan keyin Rossiya amaldorlarining noqonuniy daromadlari va yashirin aktivlari haqidagi surishtiruv filmlari bilan mashhur bo‘ldi.

Siyosatchining oilasi 

Aleksey 1998-yilda Turkiyada Yuliya bilan tanishib qoladi va ular oradan ikki yil o‘tib turmush quradi. Yuliya Aleksey kabi iqtisod va moliyani o‘rgangan. Ularning ikki farzadi bor. Kattasi qiz – Darya, kichigi o‘g‘il – Zaxar. Siyosatchining ayoli Yuliya har doim uni qo‘llab kelgan. Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, ayolining siyosiy ambitsiyalari unikidan ham kuchliroq.

Uning “jinoyati”

Navalniy faqat korrupsiyaga qarshi kurashgani uchun emas, balki Putinning obro‘siga dog‘ tushirgan inson sifatida xavfli sanaldi. Shu sababli, unga qarshi bir necha bor hujum uyushtirildi.

2020-yil avgust oyida Sibirga xizmat safari chog‘ida uning ahvoli keskin yomonlashdi. Keyinchalik, mustaqil laboratoriyalar uning organizmida “Novichok” zahari borligini aniqladi. Bu zahar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan ishlatilgani ilgari ham isbotlangan edi.

Keyinroq, siyosatchining o‘zi buni quyidagicha eslaydi:

“Hech qayerim og‘rimas edi, lekin o‘layotganimni his qilardim”.

Shundan so‘ng, u koma holatiga tushdi. Siyosatchi ayoli va jamoasining sa’y-harakatlari bilan Germaniyaga olib ketildi. O‘zining zaharlanishida Putin va uning odamlarini ayblab, bu haqda ham surishtiruv filmini e’lon qilingan. Germaniyada davolanganidan so‘ng, u butun dunyoga:

“Meni Putin o‘ldirmoqchi bo‘ldi” – deya aytdi.

Besh oy vaqt davomida u Germaniyaning “Sharite” shifoxonasida davolanib, yana faol hayotga, siyosiy maydonga qaytdi. Ammo hayratlanarlisi, u Germaniyada qolmadi. Navalniy Rossiyaga qaytishga qaror qildi. 2021-yil yanvar oyida u Moskvaga kelgan zahoti hibsga olindi. Uning safdoshlarini quvg‘in qilish boshlandi. Shunga qaramay, u qamoqdan ham kurashni davom ettirdi.

U panjara ortida ham Putinga tinchlik bermadi

Qamoqda Navalniyga shafqatsiz munosabatda bo‘lishdi. Uni izolyatsiya qilishdi, qiynoqqa solishdi, shifokor yordamidan mahrum qilishdi. Ammo u baribir jim turmadi, haqiqatni gapirishda davom etdi.

U panjara ortida ham Rossiyadagi muxolifatga yo‘l ko‘rsatib turdi. Uning jamoasi yangidan-yangi korrupsiyaviy jinoyatlarni fosh etishda davom etdi. Rossiyada Navalniyga bo‘lgan bosim kuchaygani sayin, dunyo bo‘ylab unga nisbatan hamdardlik oshdi.


Теги :
Jamiyat