Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +20° kechasi +9°

Mushaklar zoʻriqishi kalsiy yetishmasligi bilan bog‘liqmi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bu savolga javob berdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Mushaklar zoʻriqishi kalsiy yetishmasligi bilan bog‘liqmi?

Bugungi kunda yer yuzi aholisining aksariyat qismi oyoq tomir tortishining u yoki bu turidan aziyat chekadi.

Mushaklarning zo‘riqishiga ko‘plab omillar sabab bo‘ladi

 Mutaxassislarning ta'kidlashicha, qon-tomir kasalliklari, boʻg‘imlarda tuz yig‘ilishi, revmatizm, venalarning varikoz kengayishi, skleroz, asab xastaliklarining rivojlanishi kabi bir nechta omillar tomir tortishishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu haqda tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova shunday deydi:

“Bu noxush holat beixtiyor yuz beradi va bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha davom etishi mumkin. Tasodifiy og‘riqlar mushaklar zoʻriqishi bilan bog‘liq boʻlib, organizmda minerallar, birinchi navbatda, qonda D vitamini va kalsiy miqdori kam boʻlganda yuz beradi”

Shuningdek, mushaklar tonusining oshishi asab zoʻriqishi, kamharakatlik, muntazam oʻtirib ishlash, uzoq muddat tik oyoqda turish yoki suvda suzish, organizmning suvsizlanishi va turli kasalliklar bilan ham bog‘lanishi mumkin.

Nima qilish lozim?

 Odam oʻtirganda, yurganda tomiri tortishsa, bir qoʻl bilan oyoq panjasini yozib, boldir mushaklarini asta-sekin pastga tomon silash lozim.

 Ba'zilar oyoq tomirida spazm yuzaga kelayotganini oldindan his etadi. Bunday vaziyatda og‘riq qoʻzg‘alayotganini sezgan zahoti, oyoq mushaklarini boʻshashtirish kerak.

 Shunda ham tomir tortishishi kelib chiqsa, oʻtirgan holda oyoq uchini oʻziga qaratib, 2-3 daqiqa ushlab turiladi. Yoki oʻrnidan turib, asta harakatlaniladi. Imkoni boʻlsa, pol ustida oyoqyalang yurish lozim.

Agar oyoq og‘rib, tomir tortishishi takrorlanaversa, shifokor koʻrigidan oʻtish kerak.