$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Kelgusi o‘quv yilidan malaka sertifikati xalqaro standartlar asosida beriladi

prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda. Uchrashuvda, avvalo, alohida o‘rnak ko‘rsatgan ta’lim sohasi xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mirziyoyev mamlakatimizning barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Kelgusi o‘quv yilidan malaka sertifikati xalqaro standartlar asosida beriladi

Muloqot davomida muallimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish, albatta, davom ettirilishi ta’kidlandi. Kelgusi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi.

Misol uchun, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa – 50 foiz, direktor jamg‘armasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi. Shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming so‘mdan 12 million so‘mga yetadi.

Sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan o‘qituvchilar soni 2 barobar oshiriladi

O‘qituvchilar uchun ming dollar maosh bugun real hodisaga aylanib borayotganini shu misolda yaqqol ko‘rish mumkin. Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan o‘qituvchilar sonini 2 barobar oshirsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi qayd etildi. Rektorlar ham oliygohlarni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan professor-o‘qituvchilar uchun sihatgoh yo‘llanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

375 ta maktab va 97 ta bog‘cha va 200 ta xususiy bog‘cha

Muloqotda ta’kidlanishicha, aholi o‘sishi tufayli yiliga maktablarda – 120 mingta, bog‘chalarda – 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa talab yuzaga kelmoqda. Kelgusi yili byudjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard so‘m hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bog‘cha rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etiladi.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasining 50 million dollar mablag‘i doirasida kelgusi 4 yilda 200 ta xususiy bog‘cha qurilib, yangi 30 mingta o‘rin yaratiladi.

Maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi

Yangi yildan boshlab xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi byudjetdan qoplanadi. Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5 yil muddatgacha byudjetdan to‘lab beriladi.

Tadbirkorlar o‘z hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda solig‘idan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.

Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi

Ta’limda sifat va raqobatni ta’minlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi. O‘tgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard so‘m beriladi. Ana shu kompyuterlarga elektron ta’lim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil ta’lim olish imkoniyati oshadi.

O‘quvchilar murakkab konsepsiyalarni oson o‘zlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil etiladi.

Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.

Ta’mirga muhtoj 300 ta maktabni jihozlash uchun 6 oy muddat belgilandi

Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablar tajribasi ommalashtiriladi. Ushbu yo‘nalishda yana 1 mingta umumta’lim muassasasida Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablardagi baholash tizimini joriy etish boshlandi. Lekin ularning 300 tasida moddiy-texnik baza talabga mutlaqo javob bermaydi. Tuman va shahar hokimlariga har haftada maktablardan xabar olish, kamchiliklarni bartaraf etish, muallimlar bilan yaqindan suhbat qurib, mavjud muammolarni hal etish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga yangi baholash tizimi tatbiq qilinayotgan, lekin ta’mirga muhtoj 300 ta maktabni joriy ta’mirlash va jihozlash ishlarini olti oy muddatda yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bundan buyon hududlarning birinchi rahbarlari faoliyatiga baho berishda ta’limning sifati, maktablardagi sharoit, o‘qituvchilarning qadr-qimmati asosiy mezonlardan biri bo‘lishi belgilandi.