Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 77 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +6°

Sanepidqo‘mita: O‘zbekiston aholisining aksariyat qismida maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet mavjud

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.

2 daqiqa o‘qiladi

Sanepidqo‘mita: O‘zbekiston aholisining aksariyat qismida maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet mavjud

O‘zbekiston aholisining katta qismi, ya’ni 1980-yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilarda maymunchechakka qarshi immunitetga ega. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ehtimoli past

“Maymunchechak kasalligi respublikamiz hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki maymunchechak kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda”, — deydi qo‘mita matbuot xizmati.

Chechakka qarshi immunitet

Qayd etilishicha, mamlakatda istiqomat qilayotgan 1980-yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida chin chechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.

Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida:

maymun chechagi kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush davlatlarga safarlarni cheklash;

ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqotda bo‘lmaslik;

jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish;

tana harorati ko‘tarilgan yoki toshmalar toshgan yo‘lovchilar bilan birga harakatlanishga to‘g‘ri kelganda imkon qadar sanitariya muhofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;

jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan so‘ng qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etiladi.

Maymunchechak — virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o‘ziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi.