$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Maymun chechagi haqida hozirgacha nimalar ma’lum?

Mpox Mpox

Maymun chechagi (mpox) virusi butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va bu virus xalqaro miqyosda jiddiy xavotirga sabab bo‘lmoqda. Virus ilk bor Afrikada, xususan, Markaziy Afrikada qayd etilgan bo‘lsa-da, hozirda u Yevropa, Amerika va Osiyoning ayrim hududlarida ham aniqlanmoqda.

Virusning kelib chiqish tarixi

Mpox (maymun chechagi) dastlab 1958-yilda Daniyada tadqiqot uchun saqlanayotgan maymunlarda aniqlangan, shuning uchun unga “maymun chechagi” nomi berilgan. Ammo keyinchalik aniqlanishicha, virus asosan kemiruvchilar, jumladan sichqonlar va kalamushlar orasida keng tarqalgan va ular virusning ilk manbasi (rezervuari) hisoblanadi.

2024-yilda mpoxning tarqalishi

Virus, dastlab, 2024-yilning dastlabki davrlaridan Markaziy Afrikada katta avj oldi, ayniqsa Kongo Demokratik Respublikasida. Bu yerda aniqlangan Clade-1b nomli maymun chechagining mutatsiyaga uchragan turi avvalgi variantlarga qaraganda xavfliroq bo‘lib, o‘lim darajasi yuqori. Bu virusning yuqishi asosan jinsiy aloqa orqali, shuningdek, yaqin jismoniy aloqa orqali amalga oshmoqda. Bundan tashqari, ushbu zoonotik virus odam virus yuqtirgan hayvon bilan bevosita aloqa qilganda yuqadi. Xususan, virus yuqtirgan hayvonlarning chiqindilari (masalan, siydik, najas, teri hujayralari) ham virus manbai bo‘lishi mumkin. Bu chiqindilar bilan ifloslangan tuproq, suvdan foydalanish orqali odamlar virusni yuqtirishi mumkin.

Virus shiddat bilan tarqalmoqda

Virusning shiddat bilan tarqalayotganiga bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda.

Ushbu chechakning yangi, xavfliroq Clade-1b turi odamlar orasida yanayam tezroq tarqalayotganiga olimlar mutatsiyalar tufayli deya izoh bermoqda.

Ayrim hududlarda, ayniqsa Afrikada, sog‘liqni saqlash tizimi yaxshi ishlamasligi, diagnostika imkoniyatlari cheklanganligi va vaksina bilan muammolar sababli virus nazoratdan chiqib ketgan, ya’ni mintaqadan tashqariga, Yevropa va AQShning ba’zi hududlariga yetib borishiga olib keldi.

Mpox qanday namoyon bo‘ladi?

Virusni yuqtirgan odam dastlab grippga o‘xshash alomatlarni seza boshlaydi. Jumladan, isitma, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq va charchoq kabilar. Simptomlar boshlanishidan oldin infeksiyaning inkubatsiya davri 5-21 kungacha davom etadi. O‘rtacha 6-13 kunni tashkil qiladi. Virusning o‘ziga xos xususiyati — limfa tugunlarining shishishi. Kasallik kuchaygach teriga bir necha bosqichli toshmalar chiqa boshlaydi. Yaralar og‘iz, oyoqlar va jinsiy a’zolarda bo‘lib, tanada yiringli pufakchalar paydo bo‘lishi mumkin. Pufaklar isitma paydo bo‘lganidan keyin bir necha kun ichida o‘zini namoyon qiladi.

Infeksiyadan uch-to‘rt hafta o‘tgach, pufakchalar oxir-oqibat qorayib, o‘rnidan ko‘cha boshlaydi. Biroq chandiqlar terida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Simptomlarni davolash uchun dori-darmonlardan tashqari maxsus davo yo‘q. Mpox bilan kurashish ham ko‘pgina kasalliklar kabi bemor yoshi, immuniteti va kasallik bosqichi kabilarga bog‘liq.

Dunyo miqyosida karantin choralari

Mpox sababli hozircha dunyo bo‘ylab COVID-19 kabi keng ko‘lamli karantin choralari joriy etilmayapti. Biroq, ayrim hududlarda, ayniqsa, yuqori xavfli zonalarda, mahalliylashtirilgan karantin choralarini tashkil qilish mumkin. Bunday choralar orasida kasallangan bemorlarni izolyatsiyalash, o‘ziga xos cheklovlar va maqsadli vaksinatsiya kampaniyalari o‘tkazish kabilar kiradi.

Vaksina va davo choralari

Baxtga qarshi, maxsus vaksina mavjud emas, ammo kichik chechak (smallpox) virusiga qarshi ishlab chiqilgan vaksinalar mpoxga nisbatan samaradorligini ko‘rsatmoqda. Hozirda ayrim davlatlarda chechakning bu turiga qarshi emlashlar amalga oshirilmoqda, lekin bu vaksinalar ko‘p davlatlarda yetarli darajada mavjud emas, ayniqsa Afrikada. Davolash usullari asosan simptomatik davolashga asoslangan, ya’ni kasallik belgilari (isitma, og‘riq, toshmalar)ni yengillashtirishga qaratilgan. Og‘ir holatlar uchun antiviral dorilar qo‘llanilishi mumkin, ammo virusning maxsus davosi hozircha mavjud emas.

Maymun chechagi Markaziy Osiyo uchun qanchalik xavfli?

Virusning Markaziy Osiyo mintaqasiga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas, chunki u global miqyosda tarqalishda davom etmoqda. U xuddi koronavirus bilan bo‘lgani kabi xalqaro sayohatdan ham kirib kelishi mumkin. Rasmiy manbalarga ko‘ra, mpoxning yangi shtammi (Clade-1b) Pokistonga ham kirib keldi. Bu bilan u Markaziy Osiyo mintaqasiga bir pog‘ona yaqinlashdi deyish mumkin. JSST rahbari Tedros Gebreyesusning avvalroq, zarur choralar ko‘rilmasa, maymun chechagi Osiyo va Yevropa janubiga tarqalishi mumkinligini va insoniyat bu epidemiyaga jiddiy qarashi kerakligini aytgan edi.

Теги :
Jamiyat