$
 12502.99
-21.9
 14484.71
28.48
 155.94
-0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda mozaikali turar-joy binolarining barchasi reklama bannerlaridan tozalandi

Mozaika

Mozaika pannolar Toshkent me’morchiligining o‘ziga xos bezagi, ajralmas belgisi hisoblanadi. Ushbu san’at namunalari iste’dodli va taniqli rassomlar tomonidan turli davrlarda ishlangan bo‘lib, ular hozirgi kunda poytaxt turizmi uchun "madaniy kod" vazifasini o‘taydi. 

Ma’daniy meros bo‘yicha qaror

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlardagi 160 ga yaqin mozaik panno monumental san’at yodgorliklari sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Ro‘yxatga kiritilgan obyektlar mavjud binolarda, ularning muhofaza tegralari va tutash hududlarida rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan bog‘liq har qanday faoliyat turi Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi kerak bo‘ladi. Shu qaror bilan mozaikali binolarga reklama bannerlarini o‘rnatish taqiqlangan. 

Quvonchli xabar 

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti hamda Madaniy meros agentligi Toshkent shahridagi turar-joy binolarida tasvirlangan barcha mozaikalar reklama qurilmalaridan ozod etilganini ma’lum qildi. Ulardan 40 dan ziyodi aprel oyidan iyunning boshigacha tashqi to‘siqlardan holi qilindi. Eng so‘nggi reklama banneri Beruniy ko‘chasi, 2-uy binosidan yechib olingan. "Biz keng jamoatchilikka o‘z minnatdorchiligimizni izhor etib, mozaikalar haqidagi ma’lumotlarni mosaic@acdf.uz elektron pochta manziliga yuborish mumkinligini eslatib o‘tamiz," - deyiladi xabarda.  

Tarixiy merosni asrash burchimizdir

Avvalroq prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva mozaikali turar-joy binolariga bannerlar osilishi bo‘yicha munosabat bildirgandi: 

"Toshkentning monumental san’at yodgorliklari shahrimizni modernizm poytaxti deb atashga asos bo‘la oladi. Aynan ushbu yodgorliklar Toshkentga betakror shahar qiyofasini baxsh etadigan ajoyib bir ramzdir. Biz mozaika pannolar tushirilgan noyob binolar egalarini ushbu san’at asarlarini saqlab qolish va ta’mirlashga chaqirib qolamiz. Tarixiy merosni asrab-avaylash kelajak avlod oldidagi burchimizdir. Toki g‘animat umrni beparvo o‘tkazganlikda aybdor bo‘lib qolmaylik. Keling, bu bebaho merosni ular uchun asrab qolaylik!"