$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Gulnora Karimovaning muzlatilgan millionlari O‘zbekistonga qaytariladi

Gulnora Karimova

O‘zbekiston Hukumati va Shveysariya Federal Kengashi o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolandi. Ushbu bitim doirasida Shveysariyada musodara qilingan 182 million dollar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mablag‘lar aholi manfaatlari yo‘lida, jumladan, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltiriladi.

Bitimning mazmuni

Bugun, 6-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston nomidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Shveysariya tomondan esa Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy bitimni imzoladi. Ushbu kelishuv mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan va Shveysariya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan musodara qilingan pullarni qaytarish bo‘yicha muhim bosqich sanaladi.

Muzlatilgan millionlar tarixi

Shveysariya prokuraturasi tomonidan 2012-yilda O‘zbekiston fuqarosi G.Karimovaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasida yirik miqdordagi mablag‘lar noqonuniy yo‘llar bilan olingani isbotlangan va musodara qilingan. Endi ushbu aktivlarning 182 million dollarlik qismi qaytarilmoqda.

Shu bilan birga, 2022-yilda Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida imzolangan dastlabki bitim asosida 131 million dollar qaytarilishi belgilangan edi. Yangi bitim bilan ushbu summa jami 313 million dollarga yetdi.

Mablag‘ qanday qaytariladi?

Ushbu mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali O‘zbekistonga yetkaziladi. Bu jamg‘arma mablag‘larning aniq maqsadlarga yo‘naltirilishini, ularning ochiq va shaffof boshqarilishini ta’minlash uchun tashkil etilgan. Mazkur fond faoliyati va uning loyihalari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar ochiq manbalarda, jumladan www.ishonch.org veb-saytida e’lon qilinadi.

Avvalroq, Gulnora Karimova ishiga aloqador Shveysariya banki pul yuvishda ayblanayotganligi haqida xabar bergan edik.

Теги :
Jamiyat