Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

O‘zbekistonliklarni qanday moliyaviy xatarlar kutyapti?

Aholining qarz yuki o‘sgan. Ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining yuqori baholanish tendensiyasi davom etmoqda.

3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarni qanday moliyaviy xatarlar kutyapti?

O‘zbekiston Markaziy banki 2023-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhini tayyorladi. (https://cbu.uz/upload/medialibrary/351/erwbxzwz3cqt9s8kcapl2wlvi6vkbilh/FSR_2023.pdf)Unda moliyaviy zaifliklar xaritasi, moliyaviy sektordagi vaziyat, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavflar, moliyaviy barqarorlik uchun ichki va tashqi xatarlar kabi masalalar qamrab olingan.

Hujjatda keltirilishicha, O‘zbekistonda 2023-yilda nisbatan qatʼiy moliyaviy sharoitlar saqlanib qolgan. Tashqi sektordagi xatarlar bo‘yicha kutilmalarning yomonlashishi, shuningdek xalqaro moliya bozoridagi yuqori o‘zgaruvchanlik taʼsirida moliyaviy sharoitlarning qatʼiylashishi kuzatilgan. Shunga qaramasdan, so‘nggi yillarda bank tizimida shakllangan nisbatan yuqori stress darajasi 2023-yil yakunida sezilarli pasaygani qayd etilgan.

Aholining qarz yuki o‘smoqda

Tadqiqotlarga ko‘ra, o‘tgan yili muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi deyarli o‘zgarishsiz 3,5 foiz atrofida saqlanib turdi. Bunda O‘zbekiston bo‘yicha muammoli kreditlar ulushi Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo‘yicha 25 protsentil chegarasidan biroz yuqori darajani qayd etib, ushbu mintaqaning deyarli mediana ko‘rsatkichlari doirasida shakllanishda davom etmoqda.

Aholining yalpi kreditlar bo‘yicha qarz yukida o‘sish kuzatilmoqda. 2023-yil yakunida aholining yalpi kreditlar bo‘yicha qarz yuki holatida yaxshilanishi kuzatilishiga qaramay, ushbu ko‘rsatkich yillik hisobda ortgan. Aholining ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz majburiyatlarini bajarish imkoniyati bilan bog‘liq xavotirlar saqlanib qolmoqda. Shuningdek, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bankdan qarzdor respondentlarning umumiy qarz yuki darajasi 87 foiz doirasida shakllangan.

Ko‘chmas mulk narxlari fundamental narxidan 24 foizga yuqori baholanmoqda

Ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining yuqori baholanish tendensiyasi davom etmoqda. So‘nggi yillar davomida yuqori surʼatlarda o‘sib borayotgan uy-joylarning bozor qiymati ushbu aktivlarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Yuqori talab sharoitida taklif hajmining sezilarli ortda qolishi uy-joy narxlarining fundamental omillarga, xususan aholi daromadiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘sish tendensiyasini yuzaga keltirmoqda. 

Bundan tashqari, uy-joylarni ijara berish xizmati rentabelligining pasayishiga qaramay, spekulyatsiya omili taʼsirida ko‘chmas mulk bozorida yuqori faollik va talab hajmi ortgan. 2023-yil davomida ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning o‘rtacha bozor narxi fundamental narxidan 24 foizga yuqori baholanishi kuzatildi.

Avtokreditlar o‘sish surʼati sekinlashdi

Makroprudensial choralarning qatʼiylashtirilishi natijasida 2023-yilning ikkinchi yarmida avtokreditlarning yillik o‘sish surʼatida sekinlashish kuzatildi. Makroprudensial choralar avtomobil narxlarining keskin pasayishi sharoitida avtokreditlar bo‘yicha yo‘qotishlarni tijorat banklarida zaxira bilan taʼminlash hamda avtomobil bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning bank tizimi moliyaviy barqarorligiga taʼsir ko‘lamini kamaytirish imkonini beradi.

Prognozlar

2024–2026-yillar uchun o‘tkazilgan makro stress-test natijalari asosiy ssenariy bo‘yicha bank tizimining makroiqtisodiy shoklarga bardoshliligini, xatarli ssenariy bo‘yicha esa sezilarli yo‘qotishlar yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. 

Asosiy ssenariy bo‘yicha bank tizimi kapital monandliligi va leveraj koeffitsiyentlari o‘rnatilgan minimal talablardan yuqori, xatarli ssenariy bo‘yicha esa bank tizimi kapital monandlilik 5 koeffitsiyenti minimal talabdan pastda shakllanishi ehtimoli mavjud. 

Xatarli ssenariyda iqtisodiy faollikning pasayishi va so‘mning qadrsizlanishi xorijiy valyutada qarz oluvchilarda qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qiyinchiliklarni yuzaga keltirib, muammoli kreditlar miqdori va kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar hajmining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.